NATO qoʻmondoni Rossiyani ogohlantirdi
Yevropa va Rossiya oʻrtasida keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda NATO qoʻmondonligi alyansga hujum qilinsa qanday javob berilishini aytdi.
NATOning Yevropadagi Birlashgan qurolli kuchlari oliy qoʻmondoni, AQSH Harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich 12-oktabr kuni Varshava xavfsizlik forumida NATO mudofaa ittifoqi ekanini taʼkidladi. Biroq u har qanday hujumni "mutlaqo befoyda" qilishga qaratilgan uch yoʻnalishli yondashuv haqida ham gapirdi: dushman kuchlarini toʻsish, zarbasini susaytirish va sindirish.
General Rossiya nomini tilga olmadi, biroq uning gaplari asosan Moskvaga qaratilgandi.
"Agar kimdir bizga hujum qilishdek ahmoqlikka borsa, jang qilamiz. Qisqasi, istalgan ittifoqchimizga qilingan har qanday hujum mutlaqo befoyda boʻlib chiqishini taʼminlaymiz", dedi Grinkevich.
Uning soʻzlariga koʻra, NATOning javobi cheklanib qolmaydi.
"Agar raqib hujumni davom ettirsa yoki zaxiralarini ishga solsa, bizga qarshi jalb etilgan urush olib borish tizimini sindiramiz. Bunga nafaqat hujum qilayotgan kuchning oʻzi, balki uni qoʻllab-quvvatlaydigan, taʼminlaydigan va boshqaradigan har qanday narsa kiradi", dedi general.
Bu bayonot Yevropa ittifoqchilari AQShning NATOdagi oʻzaro mudofaa majburiyatiga sodiqligidan xavotirda boʻlib turgan paytda yangradi.
Yevropa hukumatlari soʻnggi yillarda Moskvani sabotaj, dron bilan havo hududini buzish va kiberhujumlarni kuchaytirishda ayblamoqda. Rossiya esa bunga aloqadorligini rad etib keladi.
Saudiyada hujumdan ogohlantirish tizimi ishlamayaptimi?
Ar-Riyod aeroportida kamida 18 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan qator halokatli hujumlardan bir necha kun oldin Saudiya Arabistoni yaqinlashib kelayotgan harbiy hujumlar haqida ommaviy ogohlantirishlar berishni toʻxtatgan. Hukumat nima uchun oʻtgan haftadagi hujumlardan oldin jamoatchilikka hech qanday ogohlantirish berilmagani sababini aytmadi.
Reuters'ning tahlilchilarga tayanib yozishicha, aeroportga hujumlar vaqtida bunday xabarnomalarning yoʻqligi Saudiya Arabistonining hujumlarga nisbatan zaifligi, aholi va tashrif buyuruvchilarni himoya qilish qobiliyati borasida savollar tugʻdirmoqda. Bu hammasi joyidadek tuyulishi uchun qilingan saʼy-harakatlarni ham aks ettirgan.













