Husiychilarning Saudiyaga hujumlari va Ukrainaga bosim oʻtkazayotgan Tramp – kun dayjesti
|15:141 9278 min
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Rossiya-Ukraina urushi
Yakshanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasida energetika sohasida sulh tuzilgani haqida kutilmagan bayonot berdi. "Zudlik bilan kuchga kiruvchi Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushda ENERGETIKA SOHASIDA OʻT OCHISHNI TOʻXTATISH joriy etilmoqda. Ikkala tomon ham bunga rozi boʻldi. Uni buzmang!" deb yozdi Tramp.
Ammo Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy kelishuv tafsilotlaridan xabari yoʻqligini bildirdi. Oʻt ochishni toʻxtatish bayonoti boʻyicha Moskvadan ham hech qanday xabar boʻlmadi.
Munosabatlarning keskin yomonlashuvi fonida, shanba kuni Tramp Zelenskiyni Rossiya neft zavodlariga hujumni "zudlik bilan toʻxtatishga" chaqirgandi.
Reuters manbalariga koʻra, AQSH bunday zarbalarni toʻxtatishga undar ekan, Kiyevga bosim ham oʻtkazgan. Xususan, Ukraina bilan razvedka maʼlumotlarini almashish va qurol yetkazib berishni toʻxtatish bilan tahdid qilgan. Zelenskiy esa Yevropa yetakchilari yordamida Tramp bilan munosabatlarni yumshatishga urinmoqda.
"Ukraina oʻt ochishni toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlaydi va Rossiya ham uni qoʻllab-quvvatlashi muhimdir. Biz Amerika tomonidan tafsilotlarni kutyapmiz”, dedi Zelenskiy Trampning postiga javoban. Zelenskiy oʻzining tungi videomurojaatida Rossiya kuchlari hali ham energetika infratuzilmasiga havodan hujum qilayotganini taʼkidladi.
Tramp, shuningdek, ukrainaliklarni yangi saylovlar oʻtkazib, oʻz rahbarini almashtirishga chaqirdi: "Ukrainaga yangi prezident kerak", dedi u. Trampning aytishicha, Zelenskiy Moskva bilan kelishuvga erishish uchun bir nechta imkoniyatni qoʻldan boy bergan.
Zelenskiy bunga javoban, agar Putin 60 kunlik oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlsa, saylov oʻtkazishini, oʻz rahbarini tanlash "ukrainaliklarning ixtiyorida" ekanini aytdi.
Ukraina qonunchiligi urush paytida saylovlar oʻtkazishni taqiqlaydi. Bunday vaqtda koʻpchilik tinch aholining bir joyga toʻplanishi xavfsizlik tomonidan maqbul emas.
Shuningdek, Zelenskiy energiya narxlarining oshishiga oʻzi sababchi ekanini rad etib, bunga Yaqin Sharqdagi urush kattaroq omil ekanini qoʻshimcha qildi. Yaqin Sharqda Eronga qarshi urushni esa AQShning oʻzi Isroil bilan birgalikda boshlagan.
Mavzuga oid
Husiychilarning Saudiyaga hujumlari
Yamandagi Eron bilan ittifoqdosh husiychilarning Saudiya Arabistoniga hujumlari toʻxtamayapti. 11-oktabr kuni Ar-Riyodda Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportning 4-terminaliga nomaʼlum snaryad tushib, yongʻin chiqdi. Saudiya fuqaro aviatsiyasi idorasi maʼlumotiga koʻra, bir kishi oʻldirilgan, 11 kishi yaralangan. 10-oktabr kuni xuddi shu aeroportga berilgan zarbada 13 kishi oʻldirilgan, 309 kishi yaralangandi. Bu qirollikda oʻn yildan ortiq vaqt ichidagi eng qonli hujum boʻldi. Oʻldirilganlarning toʻrt nafari saudiyalik, qolganlari xorijliklar.
Keyinroq aeroport kuzatuv kameralarida olingan videolar tarqaldi. Unda navbatda turgan – ehrom kiygan ziyoratchilar ham portlashlardan zararlangani aks etgan. Oʻzbekiston TIV 10-oktabr kungi hujumlarda 2 nafar oʻzbekistonlik ham jarohatlanganini maʼlum qildi.
Saudiyaga hujumlar zanjiri 6-oktabrda boshlangan. Oʻsha kuni Abha aeroportiga berilgan zarbada ikki kishi oʻldirilgan, 28 kishi yaralangan. 7-oktabrda Ar-Riyod aeroportida bir kishi halok boʻldi. 8-oktabrda esa aeroport va Saudiya samolyotiga berilgan ikki zarbada uch kishi oʻldirilgan. Shu tariqa bir hafta ichida Saudiya boʻylab qurbonlar soni kamida 20 kishiga yetdi.
Husiychilarning harbiy vakili Yahyo Sari 10-oktabrdagi hujumni oʻz zimmasiga oldi. Guruh rasmiylariga koʻra, Saudiya ham Yamanni bombalashda davom etmoqda: soʻnggi bir kunda Yamanga 124 ta havo zarbasi berilgan.
AQSH ham mojaroga qoʻshilishi mumkin: prezident Tramp Saudiyaning husiychilarga qarshi zarbalariga qoʻshilishni koʻrib chiqayotganini aytdi.
Pokiston ham jarayonga jalb qilinishi mumkin. Pokiston, Saudiya va Turkiya avgustda imzolagan mudofaa kelishuviga koʻra, aʼzolardan biriga hujum barchasiga hujum hisoblanadi. Pokiston mudofaa vaziri ikki davlatning kuchlari hududda borligini, ammo jangovar amaliyotlarda faqat Saudiya qoʻshinlari qatnashayotganini aytgan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi esa Saudiya bilan Yaman oʻrtasidagi muloqotga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Hindistonda namoyishlar
Dehlida Hindiston bosh saylov komissari Gyanesh Kumar isteʼfosini talab qilgan yoshlar namoyishlari ikkinchi kun ham davom etdi. 11-oktabr kuni politsiya yuzlab namoyishchini ushladi. Sud esa "Suvaraklar xalq partiyasi" harakati asoschisi Abhijit Dipke va yana ikki yetakchini ozod qilish toʻgʻrisida qaror chiqardi.
Rasmiylar namoyishning oldini olish uchun shaharni amalda yopib qoʻydi. Metro bekatlari va mobil internet vaqtincha oʻchirildi. Politsiya maʼlumotiga koʻra, 10-oktabr kuni 2400 kishi ushlangan, ularning aksariyati oʻsha kecha qoʻyib yuborilgan.
Talabalar uyushmasi ushlanganlar politsiya tomonidan kaltaklanganini daʼvo qildi. Namoyishlarni yoritayotgan bir qancha jurnalist ham ushlangan.
Noroziliklar saylovchilar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish jarayoni bilan bogʻliq. Saylov komissiyasi maʼlumotiga koʻra, roʻyxatlardan 130 milliondan ortiq ism oʻchirilgan. Ulardan 28 millioni vafot etganlar, 63 millioni boshqa joyga koʻchganlar, 30 millioni esa topilmaganlar. Muxolifat daʼvosiga koʻra, oʻchirishlar asosan musulmonlar va boshqa ozchiliklarga taʼsir qilgan, bu esa Modining hukmron partiyasiga foyda keltiradi. Komissiya va partiya manipulyatsiya ayblovlarini rad etmoqda.
Harakat – mamlakat Oliy sudi raisi ishsiz yoshlarni suvaraklarga qiyoslaganidan keyin satirik norozilik sifatida paydo boʻlgan. Qisqa vaqtda u ishsizlikka qarshi umummilliy harakatga aylandi.
Namoyishlar bosh vazir Narendra Modining 12 yillik hukmronligi davridagi eng jiddiy siyosiy sinov boʻlmoqda.
Jibutidagi fojia
Jibuti qirgʻoqlari yaqinida qayiqning choʻkib ketishi oqibatida kamida 139 nafar muhojir, jumladan, 15 nafar bola halok boʻldi. Yana oʻnlab odamlar hamon bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda, 80 dan ortiq yoʻlovchi qutqarib qolingan.
BMTning Xalqaro Migratsiya Tashkiloti xabariga koʻra, bortida 305 kishi boʻlgan qayiq Jibutidan Yamanga qarab ketayotgan boʻlgan. U payshanba kuni tunda Obok port shahri yaqinida agʻdarilib ketgan.
Mahalliy hokimiyat halok boʻlganlarni dafn etish ishlarini tashkillashtirmoqda, omon qolganlarning barchasi Efiopiya fuqarolari.
Yaman oʻn yildan ortiq davom etayotgan vayronkor fuqarolar urushi iskanjasida qolmoqda. Ushbu beqarorlik amaldagi harbiy harakatlarga qaramay, afrikalik muhojirlar qashshoqlik, xavfsizlikning yoʻqligi tufayli haligacha Bob al-Mandab boʻgʻozi orqali Yamanga oʻtishda davom etmoqda.
XMTning bildirishicha, 10-sentabrdan beri Efiopiyadan Jibutiga 20 mingdan ortiq "koʻchib oʻtish" holatlari qayd etilgan. Jibutidan esa Yamanga qayiqlar orqali oʻtishadi. 2025-yilda xuddi shu yoʻnalish boʻylab migratsiya jarayonida 900 dan ortiq muhojir halok boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgandi.
Jibuti – sobiq Fransuz mustamlakasi boʻlgan mitti mamlakat boʻlib, u Yaman qarshisida joylashgan.
Polsha bosh vaziriga suiqasd ehtimoli
Polsha politsiyasi bosh vazir Donald Tusk va mudofaa vaziri Vladislav Kamishga hujum uyushtirishni rejalashtirishda gumon qilingan erkakni qoʻlga oldi.
Ichki ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, Polsha janubidagi Quyi Sileziya mintaqasida oltmish yoshlardagi erkak hibsga olingan.
"Xavfsizlik xizmatlari internetga joylashtirilgan materiallarni batafsil tahlil qilish orqali uning iziga tushdi", dedi vazir.
Polshada zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlar odatda kamdan kam uchraydi. Ammo mamlakat siyosiy jihatdan chuqur qutblashgan hamda Ukrainadagi urushga yaqinligi sababli xavfsizlik borasidagi tahdidlarga duch kelmoqda.
Avgust oyida politsiya Polshaning yuqori lavozimli siyosatchilariga suiqasd qilishga chaqirgan 23 yoshli yigitni qoʻlga olgandi.
2024-yilda Tusk Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga qilingan suiqasddan soʻng oʻziga nisbatan tahdidlar boʻlganini aytgan.
Oʻtgan haftada maktab xodimining oʻlimiga olib kelgan zoʻravonliklar toʻlqinidan soʻng ayni vaqtda Polsha rasmiylari yuqori shay holatga keltirilgan.