Husiylar Saudiya aeroportlariga hujum qildi

7-oktabr kuni Yamandagi husiylar Saudiya Arabistonining ikki yirik havo darvozasi – Ar-Riyoddagi Qirol Xolid va janubdagi Abha xalqaro aeroportlariga dron hamda raketalar bilan zarba berdi. Hujumlar oqibatida jami 3 kişi halok bölib, 36 kişi jarohatlandi. Bu sönggi yillarda poytaxt Ar-Riyod aeroportida qayd etilgan ilk ölim holati hisoblanadi.

Husiylar, şuningdek, Yaman hukumati nazoratidagi Adan xalqaro aeroportini ham ballistik raketalar bilan nişonga olgan.

Mazkur hujumlar 2022-yilgi mört sulhdan söng Yamanda qayta boşlangan uruşni yanada keskinlaştirdi. Bunga javoban Saudiya Arabistoni boşçiligidagi harbiy koalitsiya husiylarning 80 dan ortiq harbiy obyektiga havodan zarba berdi.

Saudiya aeroportlariga qilingan hujum – valiahd şahzoda Ar-Riyodda ötkazişni rejalaştirgan yirik xalqaro forum oldidan qirollik uçun öta noqulay vaziyatni yuzaga keltirdi.

Mojaroga boşqa davlatlar ham tortilmoqda. Xususan, Pokiston Saudiya infratuzilmasini himoya qiliş maqsadida 8 mingga yaqin harbiy va havo hujumidan mudofaa qismlarini safarbar qilgani aytilmoqda.

New York Times bilan gaplaşgan amaldorlarga köra, Pokiston qiruvçilari çorşanba kuni husiylarga qarşi hujumlarda qatnaşgan. Ammo Pokiston mudofaa vazirligi bu xabarlarga izoh bermadi. Pokiston Saudiya bilan mudofaa kelişuvi tuzgan, şuningdek, ular husiylarni qöllayotgan Eron bilan yaxşi munosabatlarga ega. Şu bois ayrim tahlilçilar Pokiston kuçlari hujumlarda qatnaşişi borasida şubha bildirmoqda.

Şuningdek, Saudiya ittifoqçisi Turkiya ham sönggi keskinliklar fonida qirollikka mudofaa va texnik kömak yubormoqda. Suriya yetakçisi Ahmad Aş-Şarʼa ham harbiy yordam körsatiş imkoniyatlarini körib çiqmoqda.

Janglarning qayta alangalanişi oqibatida Yamanda humanitar inqiroz yanada oğirlaşgan. Xalqaro migratsiya taşkiloti sönggi mojarolar sabab 200 mingdan ortiq odam öz uyini tark etişga majbur bölganini maʼlum qildi. BMT xabariga köra esa, mamlakatning ayrim hududlarida har tört oiladan uçtasi oçarçilikdan aziyat çekmoqda.

Rossiya-Ukraina uruşi

Çorşanba kuni Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan navbatdagi zarbalar tölqinini yölladi. Buning oqibatida kamida 32 kişi, şu jumladan, bolalar halok böldi, şuningdek, sanoat va energetika infratuzilmalari zarar körgani aytilmoqda.