Latviya Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga toʻxtatishni taklif qildi. Vazirlikka koʻra, Oʻzbekistonning bir necha fuqarosi Latviyaga kelganidan koʻp oʻtmay bir nechta jinoyat sodir etgan, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar qayd etilgan.
Vazirlik bu masalani 29-sentabr kuni hukumat yigʻilishida koʻrib chiqishni taklif qilgan.
“Oʻzbekiston fuqarolarining Latviyaga kelganidan qisqa vaqt oʻtib bir nechta jinoyat sodir etgani, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar qayd etilgan vaziyatda biz chora koʻrishimiz kerak. Shuning uchun Oʻzbekiston fuqarolariga vizalar berishni maʼlum muddatga toʻxtatishni va bu vaqtdan Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish uchun foydalanishni taklif qilyapmiz”, – dedi Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava.
Uning soʻzlariga koʻra, bunday hamkorlikdan maqsad – Latviyaga jamoat tartibi yoki xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan shaxslar kirib kelishining oldini olishdan iborat.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, cheklov amal qilgan davrda Latviyaning masʼul idoralari Oʻzbekiston tomoni bilan shaxslarni tekshirish jarayonlarini takomillashtirish va xavfsizlikka tahdid solishi mumkin boʻlgan shaxslarning mamlakatga kirib kelish xavfini kamaytirish boʻyicha hamkorlik qilishi rejalashtirilgan.
Biroq 29-sentabr kuni Latviya hukumati koalitsiyasidagi hamkorlar bu masalani hukumat yigʻilishi kun tartibiga kiritishga tayyor boʻlmagan. Ichki ishlar vazirligi taklif keyingi hukumat yigʻilishida koʻrib chiqilishiga umid qilmoqda.
Shu tariqa, hozircha Oʻzbekiston fuqarolariga viza berishni toʻxtatish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.








