19:10 / 05.07.2019
10142

Navoiyda «Qalqon ota» mahallasidagi bir necha yillik muammoga qachon yechim topiladi?

Kun.uz saytida 2018 yil 29 dekabrda «Navbahor tumanidagi noqonuniy qurilishlar. Muammo yechim topishi nimaga bog‘liq?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Ushbu maqola Navbahor tumanidagi «Qalqon ota» mahallasida istiqomat qiluvchi G.Turdiyevaning tahririyatga yo‘llagan murojaati asosida tayyorlangan edi.

«Biz yashaydigan Mustaqillik ko‘chasida ayrim xonadon egalari tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy qurilishlar tufayli yo‘llar tor holatga kelib qolgan. Yog‘ingarchilik kunlarda loy va tor yo‘lda harakatlanish qiyinlashadi. Bu ko‘chaga texnika vositalari kirishiga ham imkon yo‘q. Bu ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi. Ushbu holat yuzasidan necha yillardan buyon tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Tuman mutasaddilari kelib vaziyatni bir necha marta o‘rganishdi. Holatni tasdiqlab, chora ko‘rishga va'da berib ketishadi. Ammo muammo 7 yildan buyon ijobiy yechim topmayapti», – deyilgan edi murojaatda.

Ushbu murojaat joyida o‘rganilganda haqiqatan ham holati tasvirlangan ko‘cha ayrim xonadon egalari tomonidan noqonuniy qurilgan devorlar natijasida tor holatga kelib qolgani, ba'zi devorlar nurab, xunuk manzara hosil qilgani ma'lum bo‘lgan edi.

Shuningdek, G.Turdiyeva xonadoni yonidan qad ko‘targan devor avval mavjud bo‘lgan ariq ustiga qurilgani, shu orqali qo‘shni xonadonlar egalari tomonidan yo‘lning bir qismi egallab olingani aniqlangandi.

O‘rganishimiz davomida murojaatchi uyning kadastr hujjatlari va chizmalarini bizga taqdim etgandi. Devorlar chindan ham noqonuniy qurilgan. Tegishli tashkilotlar tomonidan holat yetarlicha o‘rganilmagan. O‘rganilgan bo‘lsa-da, masala o‘z yechimini topmagan.

Dastlabki o‘rganishimizda ushbu holat yuzasidan Navbahor tumani hokimligi mutasaddilari bilan uchrashgandik.

«Bu masaladan xabarimiz bor. G.Turdiyeva bu holat yuzasidan bir necha marta murojaat qilgan. Albatta, e'tiroz o‘rinli. Ammo qishloqda bu kabi noqonuniy qurilishlar ko‘p. Qurilishlar tegishli tartibda loyihalashtirilmagan. Shu tufayli bu kabi muammolar yuzaga kelgan. Ammo bu muammolar yaqinda o‘z yechimini topadi. Sababi, «Qalqon ota» qishlog‘i 2019 yilgi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Dastur asosida bosh reja tasdiqlangan. Unga ko‘ra, barcha noqonuniy qurilishlar buziladi. Yo‘llar kengayadi», – deya tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Xo‘jayev vaziyatga izoh bergandi.

Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Ayni vaqtda «Qalqonota» mahallasida «Obod qishloq» dasturi asosida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xo‘sh, tuman hokimligi mutasaddisi va'da berganidek, G.Turdiyevaning masalasi ijobiy hal etildimi?

G.Turdiyeva yaqinda tahririyatimizga takroran murojaat qildi va mavjud muammo hanuz bartaraf etilmayotganidan shikoyat qildi.

Ushbu takroriy murojaat asosida Navbahor tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Xo‘jayev bilan bog‘landik. Hokimlik mutasaddisi ushbu masala yuzasidan tahririyatga ma'lumot taqdim etdi.

«Qalqonota» qishlog‘ida yashovchi fuqaro Gulchehra Turdiyeva o‘ziga tegishli xonadonga keluvchi ichki yo‘lni kengaytirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

«Qalqonota» qishlog‘i 2019 yilda «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan bo‘lib, dasturga asosan hozirgi kunda qishloqning bosh rejasi ishlab chiqilib, tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan.

Hozirgi kunda mazkur qishloqda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Dastur asosida hududdagi barcha ijtimoiy soha obektlari, xizmat ko‘rsatish binolari qurilishi, kommunikatsiya tarmoqlarini ta'mirlash, aholi xonadonlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish va ichki xo‘jalik yo‘llarini kengaytirish evaziga aholiga qulaylik yaratish, bir so‘z bilan aytganda aholining turmush tarzini tubdan yaxshilash belgilangan.

Fuqaroning murojaatiga asosan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda joyida o‘rganilganda kirish yo‘li qo‘shnisi F.Ro‘ziyevning otasi marhum N.Ro‘ziyevga tegishli bo‘lgan turar-joyning uzunligi 22,5 metr bo‘lgan devor bilan to‘sib qo‘yilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 18 iyun kuni tegishli tashkilotlar xodimlari bilan joyida o‘rganilib, fuqaro F.Ro‘ziyev uyida yo‘qligi sababli uning turmush o‘rtog‘i G.Tog‘ayeva va o‘g‘li A.Nurmamatovga devorni 15 kun muddatda buzib olish to‘g‘risida tegishli tartibda tushunchalar berildi.

Hozirgi kunda tuman hokimligi tomonidan ushbu devorni buzdirish bo‘yicha tegishli sud organlariga da'vo arizasi kiritish bo‘yicha barcha hujjatlari yig‘ilib, qisqa muddat ichida da'vo arizasi kiritish belgilangan.

Fuqaro G.Turdiyevaning murojaati belgilangan tartibda sud tartibida ko‘rib chiqilishi va dastur asosida kirish yo‘li ta'mirlab berilishi ma'lum qilinadi», – deyiladi ma'lumotnomada.

Ammo bu muammo bir necha yildan buyon ijobiy yechim topmay kelgan. Bu kabi masalalar hal bo‘lishi uchun qishloq «Obod qishloq» dasturiga kiritilishini kutish shartmidi? 2019 yilda mabodo «Qalqon ota» emas, boshqa qishloq dasturga kiritilganda, muammo yana qancha vaqt o‘z yechimini kutardi?

Tan olib aytish kerakki, Navbahor tumanida «Obod qishloq» dasturi asosida dasturga kiritilgan mahallalarda olib borilayotgan loyihalarda bir qator muammolar bor. Bu esa aholining ko‘plab e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu holatlar Kun.uz saytida 2019 yil 4 iyul kuni «Qushqochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar talon-toroj qilinganini aytmoqda» sarlavhali tanqidiy maqolada ham yoritilgan edi. 

Viloyat va tuman hokimliklari hamda tegishli tashkilotlar bu kabi masalalar bo‘yicha jiddiy bosh qotirishi maqsadga muvofiq. Aks holda, bu muammolar tobora ildiz otib boraveradi va aholi e'tirozlari ham ko‘payaveradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top