Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qalqon ota» mahallasida istiqomat qiluvchi G.Turdiyevadan murojaat kelib tushdi.
«Biz yashaydigan Mustaqillik ko‘chasida ayrim xonadon egalari tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy qurilishlar tufayli yo‘llar tor holatga kelib qolgan. Yog‘ingarchilik kunlarda loy va tor yo‘lda harakatlanish qiyinlashadi. Bu ko‘chaga texnika vositalari kirishiga ham imkon yo‘q. Bu ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi. Ushbu holat yuzasidan necha yillardan buyon tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Tuman mutasaddilari kelib vaziyatni bir necha marta o‘rganishdi. Holatni tasdiqlab, chora ko‘rishga va'da berib ketishadi. Ammo murojaatimiz 7 yildan buyon ijobiy yechim topmayapti», – deyiladi murojaatda.
Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Haqiqatan ham murojaatda holati tasvirlangan ko‘cha ayrim xonadon egalari tomonidan noqonuniy qurilgan devorlar natijasida tor holatga kelib qolgan. Ba'zi devorlar nurab, xunuk manzara hosil qilgan.


G.Turdiyeva xonadoni yonidan qad ko‘targan devor avval mavjud bo‘lgan ariq ustiga qurilgan. Bu holat ham haqli e'tirozlarga sabab bo‘lgan. Murojaatchining aytishicha, shu orqali qo‘shni xonadonlar egalari tomonidan yo‘lning bir qismi egallab olingan.

Murojaatchi uyning kadastr hujjatlari va chizmalarini taqdim etdi. Devorlar chindan ham noqonuniy qurilgan. Tegishli tashkilotlar tomonidan holat yetarlicha o‘rganilmagan. O‘rganilgan bo‘lsa-da, masala o‘z yechimini topmagan.

Ushbu holat yuzasidan Navbahor tumani hokimligi mutasaddilari bilan uchrashdik. Bizni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Bahrom Rahmonov qarshi oldi. Mazkur nizoli vaziyat yuzasidan tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Xo‘jayev izoh berdi.


















