10-oktabr kuni Ar-Riyod shahridagi qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportning 3-terminaliga ballistik raketa bilan berilgan zarba oqibatida Oʻzbekistonning ikki nafar fuqarosi yengil jarohat olgan. Bu haqda Oʻzbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayzullayev maʼlum qildi.

1977 va 1997-yillarda tugʻilgan ushbu fuqarolar dastlabki tibbiy yordam koʻrsatilganidan keyin Diriyah Hospital shifoxonasiga olib borilgan. Tibbiy koʻrik va zarur muolajalardan soʻng ularning har ikkisiga shifoxonadan javob berilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning hodisa vaqtida aeroport hududida boʻlgan yana 20 nafarga yaqin boshqa fuqarolari jabrlanmagan.

«Oʻzbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi Saudiya Arabistonining tegishli idoralari bilan hamkorlikda vaziyatni kuzatib bormoqda, fuqarolarimiz bilan doimiy aloqada boʻlib, zarur konsullik yordamini koʻrsatmoqda», – deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, 10-oktabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxtidagi aeroportga husiychilar tomonidan raketa zarbasi berilishi oqibatida 12 kishi halok boʻlib, 300 dan ortiq kishi yaralangan. Qurbonlardan toʻrt nafari Saudiya fuqarolari, shuningdek, AQSH, Misr, Iordaniya, Suriya, Falastin va Sudan fuqarolari halok boʻlgan. Oʻzbekiston TIV tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumni qatʼiy qoralab bayonot berdi.