Rahbariyatdagi almashinuv haqida avgust oxirida Financial Times xabar bergan. Kompaniyaning rasmiy saytida ham hozir rahbar sifatida Barakat koʻrsatilgan.
U New Murabba’ni 2024-yil yanvaridan boshqarib kelgan Maykl Dayk oʻrnini egallagan. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, Barakat koʻchmas mulk va yirik shaharsozlik loyihalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega.
U Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasida rahbarlik lavozimida ishlaydi, avval ROSHN kompaniyasini vaqtincha boshqargan. Shuningdek, New Murabba tashkil etilayotgan bosqichda ham unga rahbarlik qilgan.
Yanvar oyida Reuters manbalariga tayanib, «Mukaab»da tuproq qazish va qoziqlar oʻrnatishdan tashqari ishlar toʻxtatib turilganini yozgan edi. Agentlikka koʻra, hukumat loyihaning moliyalashtirilishi va amalga oshirish imkoniyatlarini baholayotgan, atrofdagi hududni rivojlantirish esa davom ettirilishi kutilgan.
May oyida kompaniya qariyb 15 million kub metr tuproq qazib olingani va 1200 ta qoziq oʻrnatilganini maʼlum qilgan. Bu natijalar poydevorni tayyorlash ishlariga tegishli. Ular binoning yer usti qismi qachon barpo etilishi yoki majmua qachon ochilishini aniqlashtirmaydi.
New Murabba’ning amaldagi taqdimotida «Mukaab» hamon 400 metrlik ulkan meʼmoriy obyekt sifatida koʻrsatilmoqda. Uning ichida savdo maydonlari, mehmonxonalar, turar joylar, panorama tomosha qilish nuqtalari va madaniy obyektlar joylashtirilishi rejalashtirilgan. Tarqatilayotgan tasvirlar tayyor binoning fotosuratlari emas, kelajakdagi majmuaning kompyuterda yaratilgan koʻrinishlaridir.
Loyihaning yangi bosqichidagi amaliy kelishuvlardan biri Almana Medical Group bilan hamkorlik boʻldi. 25-avgustda eʼlon qilingan xabarga koʻra, New Murabba hududida umumiy yoʻnalishdagi shifoxona uchun taxminan 1 milliard Saudiya riali investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Tibbiyot muassasasiga shahzoda Turki ibn Abdulaziz al-Avval yoʻli yaqinidan 16 ming kvadrat metrdan ortiq yer ajratilishi koʻzda tutilgan.
Shifoxona 200 oʻringa moʻljallangan. Unda shoshilinch tibbiy yordam, travmatologiya, oilaviy tibbiyot, pediatriya, neonatologiya, ortopediya, kardiologiya va asab tizimi kasalliklari boʻyicha xizmatlar tashkil etilishi kutilmoqda.
«Bu investitsiyaviy hamkorlik - kelgusi oylarda eʼlon qilishni rejalashtirayotgan koʻplab kelishuvlarimizning birinchisi», - degan Saboh Barakat.

















