22-sentabr soat 21:00 dan 23-sentabr soat 4:00 gacha Toshkentda harorat inversiyasi kutilmoqda. Bu esa havo sifatining yomonlashishiga sabab boʻlishi mumkin, deb xabar berdi Ekologiya qoʻmitasi.

Qayd qilinishicha, inversiya yer yuzasidagi havoning sovishi, yuqori qatlamlarda esa havoning iliqroq qolishi natijasida yuzaga keladi. Meteorologik prognozga koʻra, ayrim soatlarda shamol tezligi 0,5–1 m/s gacha pasayib, havoning vertikal aralashuvi sekinlashadi. Yogʻingarchilik kutilmayotgani esa havodagi zarrachalarning tarqalib ketishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.
Oqibatda PM2.5 va PM10 zarrachalari yerga yaqin havo qatlamida toʻplanishi uchun qulay sharoit yuzaga keladi.
Prognozlarga koʻra, poytaxtning aksariyat hududlarida soat 22:00 dan 1:00 gacha havo sifati (AQI) koʻrsatkichi boʻyicha «sezgir guruhlar uchun nosogʻlom» darajagacha yomonlashishi mumkin. Shu sababli, kechki vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik tavsiya etiladi. Ertalab yer yuzasi isishi bilan inversiya zaiflashib, havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda.
Ekologiya qoʻmitasi Toshkentda havo sifatining yomonlashishi haqida 19-sentabr kuni ham xabar bergan edi.

















