Tramp 5-oktabr kuni jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Vashington Irkutsk viloyatidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini aytdi.
«Biz yordam beramiz. Bunday muammoga duch kelgan har qanday tomonga doim yordam beramiz», - dedi AQSH prezidenti.
Shu bilan birga, Tramp ushbu masala yuzasidan Rossiya rasmiylari bilan hali muloqot qilmaganini qayd etdi. Yordamning aniq shakli va muddati haqida maʼlumot berilmadi.
Oʻlat boʻlishi mumkinligi haqidagi xabarlar Irkutsk oʻlatga qarshi institutida ishlagan 28 yoshli Darya Shipilovaning vafotidan keyin tarqalgan. U sentabr oxirida shifoxonaga yotqizilgan va 2-oktabrda vafot etgan. Rospotrebnadzor unga «kelib chiqish sababi aniqlanmagan pnevmoniya» tashxisi qoʻyilganini bildirgan.
Mahalliy OAV maʼlumotlariga koʻra, voqeadan keyin qariyb 200 kishi karantinga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda laboratoriyada oʻlat qoʻzgʻatuvchisi saqlangan probirka singani haqida ham taxminlar tarqalgan.
Biroq Rospotrebnadzor institutda patogen mikroorganizmlar bilan ishlash jarayonida avariya holatlari aniqlanmaganini maʼlum qildi. Idoraga koʻra, bemordan olingan namunalarda uning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq mikroorganizmlar ham topilmagan.
Idoraning keyingi bayonotida Irkutsk viloyatida sanitariya-epidemiologik vaziyat osoyishta ekani, bemor bilan muloqotda boʻlganlarning 60 foizi ustidan tibbiy kuzatuv yakunlangani aytilgan. Tekshiruvlarda ikki kishida COVID-19 va yana ikki kishida rinovirus infeksiyasi aniqlangan, boshqa infeksiya qoʻzgʻatuvchilari topilmagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham jurnalistlarni Rospotrebnadzor bayonotlariga tayanishga chaqirgan va hodisa tafsilotlarini muhokama qilmagan.
Irkutskdagi voqealar haqidagi xabarlar ortidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham ehtiyot choralari koʻrilmoqda. Qozogʻiston va Qirgʻiziston sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirgan.
Oʻzbekistonda esa oʻta xavfli infeksiyalarning mamlakatga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun tegishli xizmatlar shayligi oshirilgan. Sanepidqoʻmita vaziyat rasmiy maʼlumotlar asosida kuzatilayotganini bildirib, aholini tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka chaqirgan.








