Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 14 fevral kuni respublikadagi barcha OTM rektorlari va filial direktorlariga «shoshilinch» yorlig‘i bilan topshiriq jo‘natgan.
Unda OTM rahbariyatlariga barcha talabalarni o‘rganib, ular orasidan shartli 3 guruh: jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi va tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxatini shaklantirish va ajratib olingan talabalarga vazirlik, OTMlarning rahbar-xodimlarini biriktirish, ularning ota-onalari bilan individual suhbatlar tashkil etib borish topshirig‘i berilgan.
Xatda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘tkazgan majlisda OTMlarga berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha sifatli ma’lumotlarni 3 kunda [email protected] elektron manziliga (asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda word va pdf shaklda) birinchi rahbar imzosi bilan tasdiqlagan holda yuborish so‘ralgan.
Talaba qaysi mezonlar asosida jinoyatchilikka moyil deb topilishi haqida esa xatda hech qanday izoh yo‘q.


Mavzuga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgan ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov talabaning «jinoyatchilikka moyil»ligi, «yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida» ekanligi qaysi mezonlar asosida belgilanishi, «yot g‘oyalar» deganda qanday g‘oyalar nazarda tutilayotgani, qaysi tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxati so‘ralayotgani borasida savollar qo‘ygan.
Jalilov, shuningdek, vazirlikning bunday tashabbusi Konstitutsiya normalariga mos emasligini ham qo‘shimcha qilib, Adliya vazirligidan holatga munosabat bildirishini so‘ragan.
«Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish ... huquqiga ega. «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega». «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. «Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi».










