15:21 / 17.08.2022
11390

ShHT sammiti munosabati bilan Samarqanddagi OTMlarda o‘qish kechroq boshlanadi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qish sentabr oyi oxiridan boshlanadi. Viloyatdagi bir qator tuman hokimliklari bu borada xabar tarqatdi. Xabarni Kun.uz manbalari ham tasdiqladi.

15-16 sentabr kunlari Samarqand tumani va Toyloq tumani o‘rtasida joylashgan sayyohlik markazida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan viloyatdagi OTMlarda an’anaviy ta’lim sentabr oyi oxiridan boshlanadi. Ungacha talabalar ta’limni masofaviy ko‘rinishda boshlashi kutilmoqda.

Samarqanddagi maktablar ham kechroq boshlanishi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

Ma’lumot uchun, ShHTga 2001 yilda asos solingan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Xitoy va Hindiston birinchi a’zolar bo‘lgan. Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi mamlakatlar, Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor mamlakatlar hisoblanadi.

2021 yil sentabrda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Eronni tashkilotga qabul qilish, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish jarayoni boshlangan. Joriy yilda Belarus ShHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun ariza bergan.

Rossiya prezidenti Putin Samarqandda o‘tadigan sammitga Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anni ham taklif qilgan. Samarqandda Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni tashkilotning muloqot bo‘yicha hamkori statuslarini olishi kutilmoqda.

ShHT sammiti ilk marta Samarqandda o‘tkaziladi. Bungacha O‘zbekiston mezbon bo‘lgan sammitlarni uch marta Toshkent shahri qabul qilgan. O‘zbekiston oxirgi marta 2016 yil ShHT sammiti mezboni bo‘lgan. Samarqand sammit mezbonligini qabul qilgan 15-shahar bo‘ladi.

Top