Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma'qullanishi mumkin:

2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab:

amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;

eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish hamda ularga uchtagacha ta'lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;

abituriyentlar tomonidan oliy ta'lim muassasalarini tanlashda imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligini e'tiborga olish;

test sinovlarini 2018 yildagi tajribadan kelib chiqib, katta sig‘imli bino va inshootlarda hamda zaruriyatga muvofiq qo‘shimcha binolarda o‘tkazilishini davom ettirish;

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab:

test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da'vogarlik qilinayotgan ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish;

yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun “O‘zbek tili”, “Rus tili”, “Qoraqalpoq tili” fanlari bo‘yicha alohida sinovlarni tashkil etish.

Belgilab qo‘yilishicha:

majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi;