AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina energetika sohasida sulh tuzishga kelishib olgani haqida eʼlon qildi.
«Shu palladan Rossiya va Ukraina oʻrtasida energetika sulhi amal qiladi. Ikki tomon ham bunga rozi. Uni buzmanglar», – deya yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.
U boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Financial Times muxbiri Kristofer Miller esa Ukraina Tramp aytgan energetika sulhi haqida «maʼlumotga ega emasligi» haqida yozdi. «Ayni vaqtda bizning taʼmirlash brigadalarimiz [Rossiya zarbalaridan keyin] Kiyevda elektr va ichimlik suv taʼminotini tiklash ustida ishlamoqda», – degan FT’ga Zelenskiyga yaqin boʻlgan ukrainalik mulozim. Uning soʻzlariga koʻra, Kiyevda «hech kim [sulh toʻgʻrisida] hech narsa eshitmagan».
Zelenskiyning oʻzi ham Axios nashriga bergan qisqa intervyusida Trampning energetika sulhi haqidagi xabari «yangilik boʻlgani» haqida gapirdi.
«Agar prezident Tramp bu haqda Putin bilan kelishib olgan boʻlsa, iltimos, sulh qachon boshlanishini bizga xabar qiling. Biz uni qabul qilishga tayyormiz va rozimiz», – deya qoʻshimcha qilgan Zelenskiy.
Tramp 14-sentabr kuni ham Rossiya va Ukraina oʻrtasida energetika sulhi tuzilganini eʼlon qilgandi. Oʻshanda u «Ukraina Rossiyaning energetika infratuzilmalari obyektlariga zarba bermaslikka rozi boʻlgani», «Rossiya ham xuddi shunday yoʻl tutishi»ni aytgandi. Ammo keyinroq Financial Times gazetasi Tramp bunday eʼlon berishda shoshilib qoʻygani haqida yozib chiqdi. Nashrning Kreml pozitsiyasidan xabardor boʻlgan manbalari Vladimir Putin qish arafasida energetika sulhi tuzishni xohlamasligi, chunki yilning sovuq davrida energetika obyektlari boʻylab zarbalar Kiyevni yon berishga majbur qiladi, deb hisoblashini aytishgan.














