Nega yoshlar IELTS olishga intilmoqda?
Nima uchun bugungi kunda aksariyat yoshlar til bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlarni olishga qiziqyapti? IELTS, TOEFL va boshqa tizimlarning afzalligi va bir-biridan farqi nimada? Nega aynan IELTSni olishga talabgorlar bunchalik ko‘p? «Mahalla» nashrida shular xususida maqola e’lon qilindi.
Avval til bilish darajasini baholovchi eng ommabop tizimlarning farqi haqida to‘xtalsak.
CEFR — (Common European Framework of Reference for Languages — Umumiy Yevropa Til Ko‘nikmasi Qolipi) tizimi hozirgi kunda butun Yevropada ishlatiladigan chet tillarini o‘rganish, o‘rgatish va baholashga doir masalalarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroridan so‘ng ingliz tilini o‘rganish va o‘rgatishga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortishi bilan birga, yangi, milliy NSFLA tizimi CEFR asosida tashkil etildi.
IELTS — (International English Language Testing System) — hozirgi kunda 140dan ortiq mamlakatda 10 mingdan ortiq tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadi va eng ishonchli ingliz tili testi sifatida e’tirof etiladi. IELTSga tayyorgarlik ko‘rish va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun internet tarmog‘ida minglab o‘quv qo‘llanmalari, bepul darslar va turli xizmatlar mavjud. British Council va IDP (International development program) markazi esa ushbu testlarni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonda mas’ul tashkilot hisoblanadi.
TOEFL — (Test of English as a Foreign Language) — ingliz tilida so‘zlashmaydigan davlatlar uchun xalqaro imtihon bo‘lib, AQShning Nyu Jyersi shtatida joylashgan, Pariston universitetiga qarashli Educational Testing Service (ETS) tashkiloti tomonidan tayyorlangan. Ushbu imtihonning o‘ziga xosligi shundaki, u ingliz tilining Amerika variantiga asoslangan. Shu bois TOEFL sinovidan muvaffaqiyatli o‘tish uchun ingliz tilining American English variantini chuqur bilish talab etiladi.
Nega hamma IELTSni tanlamoqda?
«So‘nggi yillarda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlari TOEFL (Test of English as a Foreign Language) imtihoni sertifikatini qabul qilmay qo‘ydi. Aksincha ayni paytda ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlar va dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlaridagi ushbu tilga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari IELTS sertifikatini talab qiladi. Shu bilan birga, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi davlatlarga kasbiy immigratsiya yo‘nalishi bo‘yicha ishga bormoqchi bo‘lgan insonlar uchun mazkur testni topshirish lozim bo‘ladi. Shu bois bugun ko‘pchilik o‘zbek yoshlari CEFR, TOEFL kabi imtihonlardan ko‘ra, IELTSni ma’qul ko‘rmoqda» , ─ deyiladi maqolada.
IELTSni mustaqil o‘rganish mumkinmi?
Yuqorida ta’rifi keltirilgan xalqaro imtihonlar orasida IELTS nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda ingliz tili bo‘yicha eng ommalashgan va ishonchli xalqaro baholash tizimi sanaladi. Mazkur imtihon 4 bosqichda — listening (tinglab tushunish), reading (o‘qish), writing (yozish), speaking (gapirish, suhbat ko‘rinishida) o‘tkaziladi. Agar o‘quvchining bilimi yuqori bo‘lsa, bu sinovlarning har biridan eng yuqori — 9 ball olishi mumkin. Ammo bu kamdan-kam hollarda kuzatiladi.
— Hozirgi kunda internetda IELTSga oid kerakli ma’lumotlar, audio va video darslar juda ko‘p. Ushbu qo‘llanmalar orqali har kim o‘zi mustaqil ravishda ingliz tilini o‘rganishi mumkin. Biz imtihon topshiruvchilarga testga tayyorlanish jarayonida rasmiy va eng asosiysi, bepul bo‘lgan resurslardan foydalanishlarini maslahat beramiz, — deydi maqolada fikrlari keltirilgan O‘zbekistondagi Britaniya Kengashining Marketing bo‘limi boshlig‘i Umida Nurjanova.
Nafaqat chet elda, balki O‘zbekistonda ham imtiyozlar bor
2019 yil 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish sinovlarida abituriyentlarga bir qancha imtiyozlar berildi. Ya’ni bu yil ilk bor oliy o‘quv yurtlarining test sinovlari majmuasiga ingliz tili birinchi (asosiy) fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun CEFR B2 va undan yuqori (IELTS 5,5 yoki TOEFL IBT 72), asosiy fan bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlar uchun CEFR B1 va undan yuqori (IELTS 4,5 yoki TOEFL IBT 42) ko‘rsatkichi bilan kirish imtihonlarida eng maksimal ball beriladi.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
12:07 / 23.10.2024
“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol
17:02 / 31.05.2024
IELTS’dan 4 ball bilan ham magistraturaga kirish mumkinmi?
07:31 / 25.04.2024