O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyi tashkil etiladi. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi negizida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Harbiy-musiqa akademik litseyining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlari talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;
Vatanga sadoqat, o‘z xalqining ma'naviy va tarixiy qadriyatlariga sodiqlik ruhida tarbiyalangan yoshlarni tayyorlash;
umumiy musiqa bo‘yicha bilimlarning boshlang‘ich asoslarini o‘rgatish hamda damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi yo‘nalishida yetuk kadrlarni tayyorlash;
respublika va xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalar qo‘llanilishini ta'minlash;
o‘quvchilarning ma'naviy va estetik rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda o‘quvchilarning iste'dodini va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy orkestrlari uchun malakali kadrlar rezervini shakllantirish;
milliy va jahon musiqasining yuksak namunalaridan va o‘zbek xalqining mumtoz musiqa merosi durdonalaridan o‘quvchilarning bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) Harbiy-musiqa akademik litseyida:
musiqa ta'limi va o‘quv jarayonining uzluksizligini ta'minlash maqsadida istisno tariqasida, mavjud umumiy o‘rta ta'lim sinflari saqlab qolinadi;
o‘qitish umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlarining o‘quv rejalari va dasturlari asosida “Damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi va “orkestr artisti” kvalifikatsiyasi beriladi;
b) akademik litsey faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, moliyalashtirish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
















