17:40 / 03.11.2019
0
40547

Tramp boshi uzra «qora bulutlar», Toshkentda ShHT majlisi, ko‘p kutilgan moratoriy va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Prezident uy-joylar narxi oshib ketmasligini ta'minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 oktabr kuni aholini uy-joy bilan ta'minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ta'kidlandi.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimiz ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun esa qariyb 30 trillion so‘m zarur bo‘ladi. Bu mablag‘ esa davlat budjetining 23 foizidan ziyodini tashkil etadi.

«Masalan, g‘isht o‘rniga gazobeton va penobetondan foydalanilsa, ishlab chiqarishda gaz sarfi 8 baravar kamayadi hamda issiqlik saqlash 5 baravar oshadi», degan prezident.

Yg‘ilish davomida Shavkat Mirziyoyev uy-joyga muhtoj oilalarni tanlab olishda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotganini qoraladi. 

Qurilish sohasida ham raqobat va sifat bo‘lishi uchun buyurtmachi funksiyasi «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilandi.

Yangi tizimga muvofiq, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan yer va ipoteka krediti uchun banklarga mablag‘ ajratiladi. Uy-joylar narxining oshib ketmasligi va hamyonbop bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi.

Kim bosh vazir bo‘ladi?

O‘zbekistondagi partiyalar saylovda g‘olib bo‘lsa, bosh vazirlikka kimlarni tavsiya qilishlari ma'lum bo‘ldi. Liberal-demokratlar partiyasidan amaldagi bosh vazir Abdulla Aripov nomzod bo‘lishi aniq edi. 25 oktabr kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida Xalq demokratik partiyasi ushbu lavozimga bosh vazir o‘rinbosari, Transport vaziri Ochilboy Ramatov nomzodini ilgari surmoqchiligi ma'lum qilindi. 

Keyinroq Kun.uz muxbiri Adolat SDP adliya vaziri Ruslanbek Davletovni asosiy nomzod sifatida ko‘rayotganini aniqladi. Bundan tashqari, «Adolat»da partiya a'zolari bo‘lgan – Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov nomzodi ham bor. Milliy tiklanish partiyasi esa ehtiyotkorlikni ma'qul ko‘rdi va nomzodini sir saqladi. Ekologlar partiyasi esa «O‘zkimyosanoat» AJ raisi Odil Temirovni bosh vazir sifatida ko‘rish istagini bildirdi.

Bu ma'lumotlar ortidan kim bosh vazir bo‘lishi haqidagi so‘rovnomalar o‘tkazila boshladi, ularda dastlab Ochilboy Ramatov oldinda bordi, keyin Abdulla Aripov ustunlikni qo‘liga oldi.

Telegramdagi davletovuz kanali esa «Siyosiy partiyalar liderlari hukumatni boshqara olmaydimi?» deya savol qo‘ydi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, siyosiy partiya bosh vazir nomzodini prezidentga taklif qiladi va uni prezident ko‘rib chiqib, tasdiqlashi uchun Oliy Majlis palatalariga kiritadi.

Bag‘dodiyning o‘limi oqibatlari

Foto: EPA

IShID terrorchilik guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy amerikalik harbiylar tomonidan 27 oktyabrga o‘tar kechasi Suriyada o‘tkazilgan maxsus operatsiya vaqtida «xudkush kamari»ni portlatib, 48 yoshida halok bo‘ldi. Eng ko‘p qidirilgan terrorchi tunnel ichida harbiylardan yashirinishga urinib, AQSh prezidenti Donald Trampning ta'riflashicha, «itdek o‘lim topdi, qo‘rqoqlarcha o‘ldi».

30 oktabr kuni Pentagon IShID yetakchisini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari va harbiy harakatlar videosining ayrim qismlarini e'lon qildi. Uning jasadi qoldiqlari dengizga cho‘ktirilgan, Al-Bag‘dodiyni topishda yordam bergan ayg‘oqchiga 25 mln dollar mukofot puli berilishi mumkin.

31 oktabr kuni IShID o‘z rahnamosi va yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning o‘lgani haqida tarqalgan xabarlarning rostligini tasdiqladi va uchun AQShdan qasos olinishini aytib, tahdidli xabar yo‘lladi. Tashkilotning yana bir yetakchisi, Bag‘dodiyning o‘rinbosari sifatida ko‘rilgan Abu al-Hasan al-Muhojir ham halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Ma'lum qilinishicha, endilikda tashkilotga Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy rahbarlik qiladi. IShID bayonotida u haqda deyarli hech narsa deyilmagan. Faqat u «xudojo‘y» va «urush faxriysi» ekani ma'lum. Al-Bag‘dodiyning «o‘ng qo‘li» hisoblangan va uning o‘limidan bir necha soat o‘tib ikkinchi amaliyot natijasida halok bo‘lgan Al-Muhojir o‘rnini esa Abu Hamza al-Qurayshiy egallagan.

Prezident farmoni bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e'lon qilindi

Prezident farmoni bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi va jamoatchilikning davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Moratoriy 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi. Ammo farmonda «ba'zi holatlar mustasno ekanligi» belgilab qo‘yilgan.

Telegramdagi bakiroo kanali ikkita savol qo‘ygan: Birinchi savol: Arzonlarini kesish mumkinmi? Ikkinchi savol: Daraxtning arzon yo qimmatligini daraxt kesuvchilar belgila(ma)ydimi? 

Ukrainageyt

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muloqoti tufayli boshlangan impichment jarayoni davom etmoqda. Amerikaliklar prezidenti Zelenskiydan 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘zining asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenning «Burisma» kompaniyasi rahbarlaridan biri bo‘lgan o‘g‘liga qarshi tekshiruv boshlash orqali uni obro‘sizlantirishni so‘raganidan keyin boshlangandi.

O‘tgan haftada AQSh armiyasi podpolkovnigi, Iroqdagi urush faxriysi, Oq uyda Ukraina bo‘yicha asosiy ekspert hisoblanadi, keyingi vaqtlarda AQSh Milliy xavfsizlik kengashida Ukraina bilan munosabatlardagi siyosatni shakllantirishga mas'ul hisoblan Aleksandr Vindman 29 oktabr kuni Kongress qo‘mitalari yopiq majlisida prezidentga qarshi ko‘rsatma berdi. U iyul oyida Ukraina delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi vaqtida Amerika delegatsiyasi vakili ukrainlardan Baydenlar masalasiga aralashishni so‘raganini tasdiqladi, shuningdek, AQSh va Ukraina prezidentlarining sentabr oyidagi telefon muloqotidan tashvishdaligini bildirdi.

31 oktabr kuni esa AQSh Kongressi prezident Donald Trampning impichmenti bo‘yicha ochiq muhokamalar jarayoni boshlanishi uchun rezolyutsiya qabul qilindi. Vakillar palatasi a'zolarining ko‘pchilik qismi Oq uyning amaldagi rahbari hokimiyatdan chetlatilishini yoqlab ovoz berishdi.

Noyabr oyi davomida Senatda eshituvlar o‘tkazilishi kerak. Endilikda prezidentni chetlatish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismi (100 ovozdan 67ta) ma'qullab ovoz berishi kifoya qiladi - bu o‘rinda Vakillar palatasi a'zolari prokuror, Senat a'zolari esa hakam rolida. Qayd etish kerakki, ayni vaqtda Senatda respublikachilar ustunlik qiladi - 53 respublikachi va 45 demokrat, 2 mustaqil senator. Agar shunda ham Trampni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamasa, prezidentning vakolatlari yangi saylovlarga qadar AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens zimmasiga o‘tadi.

Bu vaqtda Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Melaniya rasman asosiy yashash joyini o‘zgartirdi — ular Nyu-Yorkdan Floridaga ko‘chib o‘tishdi. Prezident buni «bu shtatning siyosiy yetakchilari o‘zi bilan yomon munosabatda bo‘lgani» bilan izohlagan.

«Men Nyu-York va uning aholisini qadrlaganman, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Biroq har yili shaharga millionlab dollar mahalliy soliqlarni to‘lashimga qaramay, shahar va shtatning siyosiy yetakchilari men bilan yomon munosabatda bo‘ldi. Bunaqasi kamdan-kam bo‘lgan».

Prezident 2 noyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan UFC 244 turniriga tashrif buyurdi. Madison Square Garden arenasida unga hushtakbozlik qilindi.

Toshkentda ShHT majlisi

1 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning bosh vazirlari Toshkentda jam bo‘lishdi va prezident qabulida bo‘lishdi.

2 noyabr kuni Toshkent shahrida tashkilotga a'zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar bosh vazirlari ishtirok etdi. Bu yirik tadbirga Shanxay hamkorlik tashkiloti huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron hukumatlari rahbarlari ham taklif etilgan edi. ShHT hukumat rahbarlari kengashi majlisi davomida 14ta hujjat imzolandi, ushbu hujjatlardan 12tasini bevosita bosh vazirlar tasdiqladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top