Lina Xatib, Britaniya Qirolligi xalqaro munosabatlar institutining Yaqin Sharq dasturi bo‘yicha direktori:
Al-Bag‘dodiyning o‘limi IShIDning tugashini anglatmaydi. Bu tashkilot kelajagi uning rahbaridan ko‘ra Suriyadagi vaziyat qay yo‘nalishda o‘zgarishiga bog‘liq.

Bag‘dodiy IShIDdagi muhim figura bo‘lgan, ayniqsa bu tashkilot xalifalik yoki islomiy davlatini tuzgan vaqtda. Xalifasiz xalifalik tuzib bo‘lmagani uchun IShID tarafdorlari al-Bag‘dodiyni o‘z yetakchisi sifatida tanlagan.

IShIDning Suriya va Iroqda mag‘lub bo‘lishiga qaramay guruh tarafdorlari Bag‘dodiy siymosida tashkilotning qayta uyg‘onishiga bo‘lgan umidlarni ko‘rishardi. Suriyadagi IShID jangarilarining xotinlari va bevalari saqlanayotgan Al-Xol lageridagilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilganida ular Bag‘dodiyning so‘nggi bayonotlari tashkilot tarafdorlarini ta'sirlantirgani ma'lum bo‘lgan.

Turkiya Suriya shimolida harbiy amaliyot boshlashidan avvalroq IShIDning hududdagi harbiy ta'siri sezilarli darajada susaygan, ammo guruhlar o‘z funksiyalarini bajarishda davom etgan. Jangarilar guruhlari mamlakat shimoli-sharqida tinch aholi vakillariga hujumlar uyushtirishga kirishgan.

Al-Bag‘dodiy 2014 yil Mo‘sulda xalifalik tuzilganini e'lon qilgandi / AFP

Palmiradan sharqda, Xomsga yaqin hududlarda IShID jangarilari Suriya armiyasi va rossiyalik harbiylar bazalariga hujum qilishni to‘xtatishmadi. Suriya shimoli-sharqida IShIDning sobiq jangarilari boshqa jangarilar guruhlariga qo‘shilishdi.

Idlib viloyatida «Al-Qoida»ning filiali bo‘lmish «Xurras-ad-Din» guruhi o‘rnashgan, bu guruh harbiy harakatlarda faolligi va a'zolari soni ko‘p bo‘lishiga qaramasdan aholi orasida hurmat qozona olmadi.

IShID g‘oyalari ta'siridagi guruh Suriya shimoli-sharqidagi Dayr az-Zorda ham saqlanib qolgan. Ushbu hududni asosan kurdlardan tarkib topgan Suriya demokratik kuchlari ortyadlari nazorat qiladi, ammo hudud aholisi ularni qo‘llab-quvvatlamaydi. Hududdagi arablar na kurdlarni, na Suriya hukumatini va na Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan harbiy otryadlarni tan oladi.

Mahalliy arab qabilalari yaqindagina Suriya rejimi va Eronga qarshi norozilik aksiyalari o‘tkazishgandi.

Turkiya armiyasi Suriya shimoliga kirishidan oldin Dayr az-Zorda arab qabilalari va kurdlar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqishi IShID faollashuviga olib kelardi.