O‘zbekiston | 12:59 / 09.12.2019
10447
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zXDP: Hurmatli buxorolik saylovchilar, buni o‘qishingiz kerak!

Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonda ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya mezonlariga mos keladigan ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni o‘zining oliy maqsadi, deb hisoblaydi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlar partiyaning yangi Saylovoldi dasturi asosida jamiyatdagi hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalarga e'tibor qaratishgan. Bugun Buxoro viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlarimiz va ularning fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.

O‘tkir Nadjimidinov, pedagog, Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Bukhara City” majmuasi hududidagi obektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasi direktori, 23-Buxoro saylov okrugidan nomzod:

– Jamiyatda bandlik masalasi hamon dolzarbligicha qolayotgani partiyamiz e'tiborida. Bu sohada ham O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z pozitsiyasiga ega. Ushbu masalalar yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning joylardagi bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda XDP aholi bandligini ta'minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarish ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishga astoydil bel bog‘lagan.

Qayim Xolov, huquqshunos, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i, 24-Kogon  saylov okrugidan nomzod:

– O‘zbekiston XDP manzilli ijtimoiy himoyaga oid vazifalarni birgina davlat budjeti mablag‘lari hisobiga hal qilish mumkin emasligini yaxshi tushunadi. Bu borada, avvalo, mehnatga layoqatli aholining iqtisodiy faolligi va tashabbuskorligini rag‘batlantiruvchi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish lozim.

Mirzaolim Murtazoyev, veterinariya, menejment, davlat boshqaruvi, gidrometrologiya, ekologiya, Buxoro viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i, 25-Shoxrud saylov okrugidan nomzod:

Aytish kerakki, kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlarini qoplash maqsadida, asossiz narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash hamda kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur. Qisqa qilib izohlaganda, kommunal xizmatlar yetkazib beruvchilarining monopoliyasiga barham berishni ko‘zlaganmiz. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlar iste'molchilarning gardaniga tushishi adolatdan emas.

Sanobar Shukurova, pedagogika va psixologiya, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Romitan tumani bo‘limi rahbari, 26-Ibn Sino saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz ehtiyojmand aholi qatlamining kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanishini ta'minlash uchun kurashadi. Demak, ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqib, kam ta'minlangan aholi qatlami uchun kundalik zarur tovar va mahsulotlarni arzon narxlarda sotish bo‘yicha ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman.

Bu orqali aholining kam ta'minlangan qatlamlari, pensionerlar, imkoniyati cheklangan insonlar hayot darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy ahamiyatga ega kundalik ehtiyoj mahsulotlari va xizmatlariga ijtimoiy maqbullikni ta'minlashga erishish imkoni ortadi, deb o‘ylaymiz.

Zulfiya Tuyyeva, pedagog, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisi, 27-Varaxsho saylov okrugidan nomzod:

Aholining kam ta'minlangan qatlami uchun oliy ta'limdan foydalanishining ijtimoiy maqbulligini oshirish bugungi dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu maqsadda bir qator takliflar ishlab chiqdik. Avvalo, qishloq yoshlarini keyinchalik o‘z qishlog‘ida ishlash sharti bilan davlat grantlari asosida pedagogik, tibbiyot va boshqa ixtisoslikdagi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga imtiyozli qabul qilish kerak, deb o‘ylaymiz. To‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan kam ta'minlangan oilalarning farzandlariga imtiyozli ta'lim kreditlarini ajratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta'lim muassasalarida o‘qishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi ham oliy ta'limdan foydalanishining ijtimoiy maqbulligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Latofat Bobayeva, pedagog, Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Olot tumani kengashi raisi, 28-Paykent saylov okrugidan nomzod:

– O‘zbekiston XDP Nogironlar jamiyati bilan memorandum imzolagan. Shu asosda ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Joylardagi muammolar o‘rganilib, ularning yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilanmoqda. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz doimiy va tizimli olib boriladi. Markaz-viloyat-tuman-qishloq-mahalla tamoyili asosida ish ko‘rishni, ehtiyojmand aholi bilan aloqa o‘rnatish, ularning turmush tarzi bilan yanada yaqindan tanishish, hayotga yaqinlashish masalasida qat'iy reja ishlab chiqdik.

Sherzod Raxmonov, kimyo-biologiya, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining Buxoro shahar filiali rahbari, 29-Jilvon saylov okrugidan nomzod:

Nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan yaxshilash partiyamiz oldida turgan muhim vazifalardan biri.  Fikrimcha, Moliya, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta'limi vazirliklari bilan hamkorlikda nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish, davlat sarmoyasi hisobidan nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish hamda ushbu korxonalarga ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijtimoiy buyurtma berish tartibiga doir aniq takliflar ishlab chiqish va hukumatga taqdim etish kerak. Deputatlikka saylansam, shu ishga qattiq bel bog‘lab kirishishni rejalashtirdim.

Malohat Jo‘rayeva, fransuz va arab tillari tarjimon-referenti, Buxoro davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti dekani, 30-G‘ijduvon saylov okrugidan nomzod:

Hech birimizga sir emas, tez tibbiy yordamdan foydalanish, keksalar, pensionerlar va nogironlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda ayrim kamchiliklar uchrab turibdi. Dorixonalarda sotilayotgan dori-darmonlar narxlarida nomutanosibliklar kuzatilmoqda.  Shuning uchun aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kerak, deb o‘ylayman.

Sitora Akramova, muhandis-iqtisodchi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Buxoro viloyat boshqarmasi huzuridagi o‘quv markazi boshlig‘i, 31-Vobkent saylov okrugidan nomzod:

Mushohada qilib ko‘radigan bo‘lsak, kam ta'minlangan oilalar a'zolari, jumladan, ishsizlar, mehnatga layoqatli nogironlar, ayollarning tadbirkorlik sohasidagi faolligi hamda kasanachilikni davlat va davlat-xususiy sheriklik asosida rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Agar ular o‘z ishini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lsa, ijtimoiy himoya uchun budjetdan pul ajratishga hojat qolmaydi. Aksincha, ularning o‘zi taraqqiyotga hissa qo‘shuvchiga aylanadi. Bu aholi o‘rtasida boqimandalikni yo‘qotishga xizmat qiladi.

Islohotlarning ijtimoiy samarasini oshirish – asosiy maqsadimizdir! Xalq demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering! Biz sizning manfaatingiz uchun qat'iy kurashamiz.

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Mavzuga oid