13:04 / 09.03.2020
0
20094
«Oltin izlovchilar»ning afrikalik «topilma»si va 100 millionlik transfer. «Qizilqum» o‘zgarishlar arafasidami?
Foto: «Qizilqum» futbol klubi

2020 yilgi Superliga ishtirokchi jamoalarining tayyorgarligi, tarkibdagi o‘zgarishlar, reja va maqsadlari bilan tanishtirishda davom etamiz.

Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari bu safar Navoiy shahrida bo‘lib, «Qizilqum» jamoasining tayyorgarligi, stadioni va tarkibdagi o‘zgarishlari bilan tanishdik, murabbiy va futbolchilar bilan suhbatlashdik.

 Klub stadioni

Navoiy shahriga kirib borar ekansiz, siz uchratgan dastlabki katta binolar sport majmualari bo‘lib, olimpiya shaharchasi shaklida qurilgan. Viloyatning ayni damdagi asosiy arenasi «Yoshlik» stadioni ham aynan shu yerda joylashgan bo‘lib, «oltin izlovchilar»ning uy stadioni sanaladi. Koreyalik mutaxassislar tomonidan hozirlangan stadion chimi tez orada ideal holatga kelishi kutilmoqda. O‘z bag‘riga 12 500 tomoshabinni sig‘dira oladigan o‘yingoh tribunalari, tablosi va yoritish tizimida ham muammo yo‘q.

 Tarkibda qanday o‘zgarishlar qilindi?

Qayd etish joiz, «Qizilqum» klubi so‘nggi mavsumda imkoniyatidan past natija ko‘rsatdi. Mamlakatimizning eng yirik korxonalaridan biri sanalmish NKMK homiyligidagi Navoiy klubi 2019 yilgi mavsumda Superligada qolish uchun kurashib, 13-o‘rin bilan elitada ilinib qoldi. Qoniqarsiz natija tufayli jamoa tarkibida o‘zgarishlar yuz berishi kutilgandi.

Fevral oyida Turkiyada ikki haftalik yig‘in tashkil etgan «Qizilqum» jamoasi bir qator futbolchilarni sinovdan o‘tkazdi. Jumladan, navoiyliklar hujum chizig‘iga Afrika qit'asining Namibiya mamlakatidan Makkartni Tevin Navesibni taklif etishdi. Qayd etish kerak, Navesib O‘zbekiston futboli tarixidagi ilk namibiyalik legionerga aylandi. Klub a'zolarining aytishicha, Superliga 1-turda «Nasaf» darvozasiga gol urgan afrikalik «oltin izlovchilar»ning «topilma» futbolchilaridan biri bo‘ladi.

Shuningdek, Samarqandning «Dinamo» jamoasi hujumchisi Qadamboy Nurmetov ham qo‘shni viloyat klubiga o‘tdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Navoiy klubi futbolchi uchun Samarqand jamoasiga 100 million so‘m transfer puli to‘lagan.

 «Qizilqum»ning 2020 yil uchun yangi futbolchilari:

Abdi Bashimov - 2020, dekabr (Turkmaniston)

Vezirgeldi Ilyasov - 2020, dekabr (Turkmaniston)

Oleg Tolmasov (Rossiya) - 2020, dekabr (Gruziya)

Makkartni Tevin Navesib – 2020, dekabr (Namibiya)

Ruslan Veklich - 2020, dekabr (Lokomotiv)

Ruslan Matniyozov - 2020, dekabr (Andijon)

Akrom Xo‘jayev - 2020, dekabr (Oqtepa)

Zuxriddin Abdullayev - 2020, dekabr (Lokomotiv-BFK)

Azizbek Ahmedov - 2020, dekabr (Zomin)

Qadamboy Nurmetov - 2021, dekabr (Dinamo)

 Ravshan Meredov: «Qizilqum» yangi mavsumga 60-70 foizga tayyor»

«Qizilqum» klubining Navoiydagi mashg‘ulotlarini kuzatgach, o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan klub bosh murabbiyi Hamid Aktamovga murojaat etmoqchi edik. Ammo u mashg‘ulot avvalida o‘yingohni tark etgani bois, klubda katta murabbiy sifatida yaqinda ish boshlagan turkmanistonlik murabbiy Ravshan Amanovich Meredov bilan suhbatlashdik.

- «Qizilqum» jamoasiga meni Hamid Aktamov taklif etdi. Biz u bilan “Pro” litsenziyasi uchun birga o‘qiyotgan edik. Murabbiy sifatida yordam berishimni so‘raganida, do‘stimning taklifiga rad javob bera olmadim. O‘zbek futbolini o‘ziga yarasha yaxshi darajada deya olaman.

Yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni 10 yanvar kunidan Navoiyda boshlagandi. Ikkinchi bosqich taraddudini Toshkentda o‘tkazdik. Yakuniy tayyorgarlikni esa Turkiyada tashkil etib, 10 kun davomida jiddiy hozirlik ko‘rishga intildik. Belek shahrida xorij klublari bilan qator o‘rtoqlik bahslari o‘tkazib, Navoiyga qaytdik.

«Qizilqum» hozirga kelib yangi mavsumga 60-70 foizga tayyor. Bizda yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kamlik qildi. Tarkibni shakllantirish haqida gapirishim qiyin. Sababi rasman fevral oyidan klubda ish boshlagandim. Ma'lum sabablarga ko‘ra, tarkib borasida to‘liq ish olib borishga ulgurmadik. Imkoniyati bo‘lsa tarkibni kuchaytiramiz.

Legionerlar haqida? Ruslan Margiyev o‘tgan mavsumda ham jamoada edi. Abdi Bashimov va Vezirgeldi Ilyasovni yaxshi bilganimiz uchun Turkmanistondan chaqirdik. Shuningdek, Rossiyadan Oleg Tolmasov va Namibiyadan Makkartni Tevin Navesibni qo‘shib oldik. Ularning moslashishi uchun vaqt kerak.

Chempionatning ilk turlaridan kutilmagan natijalar qayd etildi. Uyimizga «Nasaf»ga mag‘lub bo‘lmadik. O‘ylaymanki, dastlabki davra bahslari kutilmagan natijalarga boy o‘tadi. O‘tgan mavsum jamoa quyi ligalarda yurib, o‘ziga yarashmagan natijalar qayd etdi. Bu yilgi maqsadimiz eng avvalo o‘z mavqeimizni tiklashdan iborat» - deydi navoiyliklar murabbiyi.

 «Maqsadimiz - Superligada kuchli oltilikka kirish»

Murabbiyning fikri bilan tanishgach, jamoaning yetakchi futbolchilari fikri bilan ham qiziqdik.

Vohid Shodiyev («Qizilqum» hujumchisi): Jamoamiz bilan birga yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rdik deb o‘ylayman. Turkiyada Yevropaning bir qator klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik. Fikrimcha, jamoamiz mavsumga 80-90 foizga tayyor.

Qadamboy Nurmetov («Qizilqum» hujumchisi): «Qizilqum» safiga kirishib ketish oson kechdi. Chunki jamoadagi aksariyat yigitlar bilan aka-ukadek bo‘lib ketganmiz. Eng avvalo, Navoiyda muxlislar qarshisida har bir bahsda g‘alaba qozonishimiz kerak.

 Salim Mustafoyev («Qizilqum» himoyachisi): Yil avvalida Navoiy, Toshkent va Turkiyada yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. Superliga boshlanishiga jamoamiz tayyor bo‘lmasa-da, o‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz. 1-turda ko‘rdik mavsum boshida barcha jamoalar deyarli tengkuchga ega.

 Sherali Jo‘rayev («Qizilqum» sardori): Maqsadimiz – Superligada kuchli oltilikka kirish. Tarkibimizda yangi murabbiy va futbolchilar qo‘shildi. Endi o‘tgan yilgi xatolarimizni takrorlamasdan, qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz. Legionerlarimiz yaxshi. Faqat, Afrikadan kelgan futbolchi bilan til borasida qiyinchilik bo‘layapti. Shunga qaramay, u gol urishni boshladi. Legionerlar ishonchni oqlashadi, deya fikr bildirdi jamoaning ko‘p yillik sardori Sherali Jo‘rayev.

 Ijodiy jamoamiz Navoiyda «Qizilqum» klubi tayyorgargarligi bilan tanishib qaytgach, jamoada o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘p yillar davomida klub prezidenti sanalgan NKMK bosh direktori Quvondiq Sanaqulov o‘rniga jamoa prezidenti sifatida Superliga sobiq hakami, bungacha «Surxon» klubi direktori lavozimida ishlab kelgan Hasan Ro‘ziyev ish boshladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yaqin orada klub murabbiylar shtabida ham o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Kuzatishda davom etamiz.

Usmon Ibodov, G‘ayrat Yo‘ldosh,
Tasvirchi Faxriddin Hotamov

Mavzu
Superliga
8 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yangi mavsumiga - Superliga-2019 turniriga start berildi
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top