2021 yilning 30 iyun kuni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ majlislar zalida Aksiyadorlik jamiyati “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritgani munosabati bilan sertifikatni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “SeRT International” s.r.o. O‘zbekistondagi vakili Marat Xabibulin “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi barcha xodimlarni ulkan yutuq — ISO sertifikatini olgani bilan muborakbod etdi.
Mazkur sertifikat Aksiyadorlik jamiyati faoliyatining korrupsiyaga qarshi standartlarga mos ekanligi hamda tashkilotda poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi kurash tizimi mavjudligi uchun berilgani, shuningdek, tashkilot mamlakat tashkilotlari ichida birinchi o‘ntalik reyting ichida ushbu sertifikatga ega bo‘lgani alohida e'tirof etildi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston MET” AJ korrupsiyaga qarshi kurash va davlat xizmatlari ko‘rsatish kabi sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekani xalqaro tashkilot vakillari tomonidan mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sertifikatni topshirish marosimida ishtirok etgan “SeRT International” s.r.o.ning O‘zbekistondagi vakili Marat Ramilevich mazkur sertifikat berilishida tashkilot faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurash tizimi qay darajada ekanligi atroflicha o‘rganilib, xalqaro standart talablariga muvofiq tahlil qilingani, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ birinchi bo‘lib mazkur xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritganini alohida e'tirof edi. Uning fikricha, ushbu sertifikat tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va tashkilotlari ichida yetakchi ekanligini anglatadi. Qolaversa, boshqa tashkilotlar ham, xoh u davlat tashkiloti bo‘lsin, xoh xususiy, bunday sertifikatsiyalash jarayonidan o‘tishi xalqaro tashkilot vakili tomonidan bildirildi.

Qisqa qilib aytganda, ushbu sertifikat Jamiyat faoliyatining barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi. ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikati korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash, zarur choralarni ko‘rish hamda korrupsiya xavfini kamaytirishga yo‘naltirilgan maqbul va aniq mezonli chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Xo‘sh, sertifikatga loyiq deb topilish jarayoni qanday kechgan edi?
“O‘zbekiston MET” AJ tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasining birinchi bosqichi 2020 yilning birinchi yarmida amalga oshirildi. Bu paytda yuqori turuvchi tashkilotlar, Adliya vazirligi, keyinroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya xavflari va faktlarini, xodimlarning o‘z vakolatini suiiste'mol qilishi yoki zarur paytda harakatsizligi holatlarini aniqlash maqsadida keng jamoatchilikni yordamga chaqirdi. Jamoatchilik nazorati — mamlakatda rahbar xodimlarning javobgarligini oshirishga imkon yaratib bergani rost.



















