Energetika vazirligi respublika elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘yicha ikki bor bayonot berdi. Dastlabki bayonotda yirik avariya sababli respublikaning Toshkentdan boshqa shaharlarida ham svet o‘chgani tasdiqlangandi.
«Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00da energotizimda yirik nosozlik yuzaga kelib respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Ayni paytda mutaxassislar tomonidan nosozlikni tiklash ishlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlikning birinchi izohida.
Ikkinchi bayonotda ma’lum qilinishicha, avariya Qozog‘istondagi energotizimda ro‘y bergan. Hozir O‘zbekiston energetiklari stansiyalarni Qozog‘iston energotizimidan uzib, o‘chgan tarmoqlarni alohida-alohida ishga tushirmoqda.
«Soat 10:57 da Qozog‘iston Respublikasi Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi natijasida Olmaota, Chimkent, Taroz, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga keldi.
Buning natijasida Qirg‘iziston elektr tarmog‘ida, jumladan Bishkek, O‘sh va boshqa barcha shaharlarda elektr energiya o‘chishi kuzatildi.Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Qozog‘istondan keluvchi 530 liniyadagi kuchlanish va chastota keskin o‘zgarishi oqibatida Toshkent GRESi, Sirdaryo GRESida avariya himoya vositalari ishlab ketib, bu ikkala stansiya ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan.
Natijada Farg‘ona va Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona vodiysi hududi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari tarmoqlarida elektr energiyasi o‘chdi.
Hozirgi vaqtda qo‘shni davlat tarmoqlaridan uzgan holatda har bir TETslarni alohida ishga tushirib, bosqichma-bosqich tarmoqlarni ulab, ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.
Avariya tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda axborot beriladi», deyiladi xabarda.
Yana nima gaplar?
Taxminan soat 11:00 larda Toshkent shahri elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgani ma’lum qilindi. Keyinroq uzilish butun respublika hududlari bo‘ylab ro‘y bergani ma’lum bo‘ldi.
Avariya sababli Toshkent metrosi faoliyati to‘xtab qolgan.

















