Gaz va “svet”: Boylarga ko‘proq subsidiya to‘lash qachongacha davom etadi?
2022 yilgi davlat dasturiga asosan, energetika islohotiga tayyorgarlik shu yil nihoyat boshlanishi kerak. “Svet” o‘chishlari, “gaz-zapravkalar”dagi navbatlarni busiz yo‘qotib bo‘lmaydi. Biroq bir necha yilga cho‘zilgan islohot yana yangi bahona – urushning ta’siri vaji bilan kechiktirilishi mumkindek: aprel oyigacha ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan qaror loyihasidan haligacha darak yo‘q.

10 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda energetika sohasini erkinlashtirish yana ortga surilishi mumkinligiga oid xavotirlar paydo bo‘ldi. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, pandemiya sababli kechiktirilgan islohotga endilikda Rossiya–Ukraina urushining oqibatlari to‘siq bo‘lishi mumkin.
Bakirov rasmiylar bu mavzuni kun tartibiga olib chiqmay qo‘ygani, “hamma jim bo‘lib ketgani”ni ta’kidlagan. Shuningdek, davlat korxonalari orasida eng ko‘p zarar bilan ishlayotgan 10ta korxonadan 7tasi bevosita yoki bilvosita energetika bilan bog‘liqligini qayd etgan.

“Soha korxonalari qiyofasida biz energetika sohasiga bozor kirib bormagani uchun juda katta tovon to‘lamoqdamiz va bu tovon summasi yildan yilga oshib bormoqda. Raqamlarda aks etmagan ziyonni-ku hech bir qiymat bilan o‘lchab bo‘lmaydi”, – deya yozadi Otabek Bakirov.
Mazkur postni Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov hamda taniqli Davletovuz Telegram-kanali ham o‘z sahifalarida ulashdi.
Uzoq kutilgan hujjat qachon tayyor bo‘ladi?
O‘zbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari (ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda) erkinlashtirilishi kerak. Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2022 yilgi davlat dasturida belgilangan.
Dasturga binoan, 2022 yil aprelgacha bu borada prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Loyihada quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
- energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish;
- barcha ishtirokchilarga teng imkoniyatlar berish;
- narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilish.
Davlat dasturida, shuningdek, 2022 yil aprelgacha ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish to‘g‘risida takliflar kiritish vazifasi belgilangan.
Farmonda aprel oyigacha deya muhlat qo‘yilgan bo‘lsa-da, farmon imzolanganidan buyon hozirgacha bu borada biror yangilik aytilmadi. Bu esa yuqorida keltirilgan, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan xavotirlar asosli ekani, energetika islohoti kechiktirilishi ehtimoli borligini ko‘rsatishi mumkin.
Kun.uz Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Energetika vazirligi matbuot xizmatlariga murojaat qilib, tegishli qaror loyihasi tayyor yoki tayyor emasligi, shuningdek, u qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasiga chiqariladimi yoki yo‘qligi haqida so‘radi. Vazirliklar vakillari so‘rovga tez orada rasmiy javob taqdim etilishini bildirdi.
O‘zbekiston energetikaga subsidiya ajratish bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston energoresurslarga ajratadigan subsidiyalari miqdorining YaIM hajmiga nisbati bo‘yicha dunyoda Liviya va Venesueladan keyin 3-o‘rinda turadi: O‘zbekiston 2020 yilda energetikaga subsidiyalar uchun 3,9 mlrd dollar sarflagan, bu o‘sha yilgi YaIMning 6,6 foiziga teng.
Taqqoslash uchun, 2020 yilda energetika subsidiyalariga 3,9 mlrd dollar sarflangan bo‘lsa, o‘sha yili xalq ta’limi sohasiga bundan ikki barobar kam – 2 mlrd dollar ajratilgan.
Amaldagi bunday subsidiyalash tizimi, iqtisodchi Behzod Hoshimovning tushuntirishicha, kambag‘allarning yanada kambag‘alroq, boylarning esa yanada boyroq bo‘lishiga xizmat qiladi.
Gap shundaki, maishiy iste’molchilar orasida energiya sarfi (suv, gaz, elektr, yoqilg‘i) iste’molchilarning turmush darajasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Ya’ni daromadi ko‘proq qatlam ko‘proq energoresurslardan foydalanadi. Sodda qilib aytganda, 3 qavatli uyda yashovchi odam 3 xonali uyda yashovchi odamdan ko‘ra sezilarli darajada ko‘p gaz, elektr va suv ishlatadi. Millionlab odamlar uyida konditsioner ishlatmaydi (chunki sotib olishga qurbi yetmasligi mumkin), boshqalarning uyida esa 2-3talab konditsioner bor va hokazo.
Vaholanki, energoresurslar narxi barcha uchun birdek subsidiyalanadi, natijada iste’molchi qancha ko‘p energiya ishlatsa, (har bir kilovatt-soat elektr yoki har bir metr-kub tabiiy gaz narxidagi iste’molchiga “ko‘rinmas”, biroq umummilliy soliqlar hisobiga qoplanadigan) subsidiyalardan shuncha ko‘p foydalanadi.
Boshqacha aytganda, hozirda “svet” va gazdan foydalanayotgan har bir iste’molchiga budjetdan kompensatsiya to‘lanyapti, bu esa kim qancha ko‘p energiya iste’mol qilsa, unga shuncha ko‘p kompensatsiya to‘lanadi degani.
Bu, bir tomondan, sezilarli ko‘p energiya ishlatadigan daromadi yuqori qatlamning xarajatlari barchaning yelkasiga “sochib yuborilishi” (oddiy tilda aytganda, boylarning kambag‘allar hisobidan arzon elektr va gazdan foydalanishi)ga, boshqa tomondan iste’molchilarda energiyani tejash uchun rag‘bat bo‘lmasligiga olib keladi.
2022 yilgi davlat dasturida belgilangan vazifa – energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normalarini (kvotalar) kiritish, agar amalga oshsa, yuqorida ta’riflangan tengsizlikni kamaytirishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Tishlari to‘kilgan qonun, avtomobil importidagi muzlash va Uzundagi jinoyat(lar) - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 20:59 / 01.03.2025
Urush nega boshlangandi: Putin NATOdan qo‘rqyaptimi yoki SSSRni tiklash harakatidami?
Jahon | 17:23 / 01.03.2025
Oq uydagi mojaro: AQSh siyosatchilarining fikri ikkiga bo‘lindi
Jahon | 09:04 / 01.03.2025
Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr va fidya miqdori e’lon qilindi
O‘zbekiston | 16:59 / 28.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Xususiy kompaniyaga tegishli kosmik apparat ilk bor Oyga qo‘nishni amalga oshirdi
Jahon | 18:13
-
O‘zbekistonda maktablarda bir nafar o‘qituvchiga qancha o‘quvchi to‘g‘ri kelayotgani ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 18:11
-
Oq uydagi dahanaki tortishuv – ekspertlar nigohida
Jahon | 17:26
-
Qozog‘istonda bir oilada yetti nafar o‘zbekistonlik is gazidan vafot etdi
Jahon | 17:19
Mavzuga oid

19:30 / 10.02.2025
Buxoroda magistral gaz quvurida kelib chiqqan yong‘in to‘liq o‘chirildi

13:48 / 10.02.2025
Buxoroda magistral gaz quvurida avariya ro‘y berdi

15:48 / 08.02.2025
Prezident Ai-80dan voz kechish va aholini arzon yoqilg‘i bilan ta’minlash topshirig‘ini berdi

20:09 / 03.02.2025