14:48 / 15.06.2022
26474

1 hafta oldin piyodalar chizig‘ida mashina urib ketgan bemor hamon operatsiya qilinmayapti

Taniqli shoir va yozuvchi Muhammad Ismoilning o‘g‘lini 8 iyun kuni Ohangaronda, piyodalar o‘tish yo‘lagida mashina urib ketgan. Suyaklari singani aytilayotgan bemor haligacha operatsiya qilinmagan, uni RShTYoIMga olib borishga ruxsat berilmayapti.

Foto: Muhammad Ismoil

Shoir va yozuvchi Muhammad Ismoil 25 yoshli o‘g‘li 8 iyun kuni Ohangaron tumanida avtohalokatga uchragani haqida ma’lum qildi. Uning Facebook'dagi sahifasida yozishicha, o‘g‘lini yuqori tezlikda kelayotgan mashina piyodalar o‘tish yo‘lagida urib ketgan.

“... hammasi ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Besh-olti kishi odamlar yo‘lagi uchun chizilgan chiziq ustida ketayotgan edik. Bir mashina 300-400 metr naridan uchib kela boshladi. Men “to‘xta, to‘xta” ishorasini qilib, qo‘l ko‘tarib, hay-hayladim. Mashina tormozni ham bosmay, besh kishining ustiga o‘zini soldi. Hamma har yoqqa otildi, mashina kelib o‘g‘limni urdi, o‘g‘lim uch metr nariga uchib tushdi. Hammasi ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Voy-dod deb o‘g‘limning ustiga o‘zimni tashladim. O‘g‘limni ko‘taray desam, ikki oyog‘i osilib yotibdi. Ikki oyog‘ining suyaklari sinib ketibdi", – deya yozgan Muhammad Ismoil.

Foto: Muhammad Ismoil / Facebook

Ota o‘g‘lini 5 kundan beri Ohangaron shifoxonasidan Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib kelishga ojiz qolayotganini aytmoqda. Yozuvchining o‘zi bilan bog‘langanimizda hujjatbozlik ishlari sabab bemorni malakaliroq shifoxonaga olib o‘tish qiyin kechayotganini ma’lum qildi.

“O‘sha kuni bolamni Ohangaron shahridagi markaziy shifoxonaga olib keldik. 2ta oyog‘i va 1 qo‘li singan holatda. Men ularning sohasini tushunmayman, 5 kundan beri o‘zimiz davolaymiz deb olib o‘tirishibdi. Lekin singan suyak iligidan yog‘ ajralib chiqib, qonga borarkan. Qon yurib-yurib o‘pkaga borib, bu nafas olishni qiyinlashtirarkan. Hozir bolam nafas ololmay hirillab yotibdi. 3 marta o‘limdan qoldi. Hozir mana shunaqa ahvolda, 5 kundan beri operatsiya ham qilinmagan”, – deydi yozuvchi.

Foto: Muhammad Ismoil

Bemorga RShTYoIM Toshkent viloyati filialidan bosh travmatolog Qodirov R.S. bosh miyaning yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng son suyagining o‘rta uchligining yopiq siljib sinishi, chap boldir suyagining o‘rta uchligidan sinib siljishi kabi bir qator tashxislar qo‘ygan. Shuningdek tashxisda, bemorda nafas olish yetishmovchiligining 2-3 darajasi ekani, hozirgi paytda transportirovka qilishga tavsiya qilinmasligi aytilgan.

Muhammad Ismoilning aytishicha, shifokorlar bemorga yetarlicha qarashmagan. Shundan keyin Facebook'da post yozishga majbur bo‘lgan.

“16-tez tibbiy yordam shifoxonasiga ko‘chirish uchun juda ko‘p hujjatlar talab qilinarkan. Tumandan o‘zlaricha olib ketisholmas ekan, oldin viloyatga, viloyatdan keyin 16-tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib borish kerak. Birovi bosh ko‘tarib, aytolmas ekan, aytishsa, o‘zlarini qarayolmaganlikda ayblasharkan. 6 kundan beri bolangizni qo‘l-oyog‘i sinib yotsa-yu hech kim e’tibor qilmasa, nima qilish qilish mumkin?” – deydi u.

Top