16:14 / 20.06.2022
25952

Abdulaziz Komilov “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Kobulda Afg‘oniston Islom Amirligi bosh vazirining o‘rinbosarlari, shuningdek ichki va tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: twitter.com/Hafiz Zia Ahmad

Kecha, 19 iyul kuni Kobulga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov va prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Afg‘oniston tomoni axborotiga ko‘ra, o‘zbek rasmiylari “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisi Amir Xon Muttaqiyni O‘zbekistonda bo‘ladigan xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qilgan.

Foto: twitter.com/Hafiz Zia Ahmad
Foto: twitter.com/Hafiz Zia Ahmad

Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va tranzit sohasidagi aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Muttaqiy O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etishga va uning doirasida tegishli idoralar bilan iqtisodiy aloqalarni muhokama qilishga va’da bergan.

“O‘zbekiston Afg‘oniston bilan sobiq hukumat qulaganidan keyin ham siyosiy va iqtisodiy aloqalarini saqlab qolgan mamlakatdir. Islom Amirligi bilan hamkorlik esa butun dunyo mintaqa davlatlari manfaatiga xizmat qiladi”, – deya toliblar vazirining so‘zlarini keltirmoqda mahalliy nashrlar.

Shuningdek, Komilov boshchiligidagi delegatsiya “Tolibon” bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Birodar bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Foto: twitter.com/ARG Palace
Foto: twitter.com/ARG Palace

Birodar Komilovni yangi lavozim bilan tabriklab, O‘zbekiston iloji boricha Afg‘onistonda boshlagan elektr energetika, aviatsiya va temir yo‘l sohasida boshlagan loyihalarini tugatishi kerakligini ta’kidlagan.

Bosh vazirning yana bir o‘rinbosari Abdussalom Hanafiy esa o‘zaro uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga yuborilayotgan gumanitar yordamlar uchun minnatdorchilik bildirilgan hamda o‘zaro aloqalarni yanada yaxshilashga umid bildirgan.

Foto: twitter.com/ARG Palace
Foto: twitter.com/ARG Palace

Bundan tashqari, o‘zbek delegatsiyasi Afg‘oniston Islom Amirligi Ichki ishlar vaziri Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Uchrashuv avvalida Haqqoniy Komilovni ilgari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimida Afg‘oniston uchun qilgan sa’y-harakatlariga minnatdorchilik bildirgan va yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklagan.

Foto: Ministry of Interior Affairs- Afghanistan

Mahalliy nashrlarning yozishicha, Abdulaziz Komilov “Tolibon” ichki ishlar vazirini Termiz – Mozori-Sharif – Kobul temir yo‘li loyihasini amalga oshirishda xavfsizlikka alohida e’tibor qaratishga chaqirgan.

Foto: twitter.com/ARG Palace

O‘z navbatida, Sirojiddin Haqqoniy Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari barcha milliy loyihalar, ayniqsa O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan temir yo‘l va elektr tarmoqlari qurilishi loyihalarining xavfsizligi ta’minrlanishini bildirgan.

Shuningdek, u toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallab, mamlakatda tinchlik o‘rnata olganini ta’kidlagan; qo‘shni davlatlar uchun chegaralarda xavfsizlikni ta’minlash masalasi alohida ahamiyatga ega ekaniga urg‘u bergan.

Foto: twitter.com/ARG Palace
Foto: twitter.com/ARG Palace
Foto: twitter.com/Hafiz Zia Ahmad
Foto: twitter.com /ARG Palace
Top