12:23 / 21.06.2022
7090

“O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Hydro4U” hamkorlikda yangi GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining grant mablag‘lari jalb qilinishiga erishildi

Foto: O‘zbekgidroenergo

“O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Hydro4U” hamkorlikda yangi GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining grant mablag‘lari jalb qilinishiga erishildi. Bu to‘g‘risida bugun, poytaxtimizda joylashgan “Raddison Blu” mehmonxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Horizon 2020” dasturi doirasidagi “Hydro4U” – Markaziy Osiyoda barqaror kichik energetika” loyihasining yillik yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Yevropaning ilg‘or 12 ta akademik va oliy ta’lim muassasalari hamda 1 ta ishlab chiqaruvchi korxonasi ishtirokida “Hydro4U” konsorsiumi tashkil qilingan.

Ta’kidlash joizki, ikki kun davom etadigan mazkur yig‘ilishda konsorsium a’zolari tomonidan o‘tgan 2021 yilda loyiha doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli faoliyatning natijalari hamda kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilinadi.

Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ va “Hydro4U” konsorsiumi tomonidan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida Farg‘ona viloyatining so‘lim Shohimardon qishlog‘iga quvvati 2,2 MVtlik, umumiy qiymati 2 mln yevroga teng GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining 1,0 mln yevrolik grant mablag‘larining jalb qilinishiga erishildi.

Shuningdek, jahonda ushbu yo‘nalishda yetakchi bo‘lgan Avstriyaning “Global Gidro” kompaniyasi bilan texnologik uskunalar keltirish uchun shartnoma imzolanadi. Hozirda mazkur kompaniya tomonidan texnologik uskunalar ishlab chiqarishga kirishildi.

Loyihadagi qurilish-montaj ishlari, elektr energiyasini uzatish va mexanik uskunalarni keltirish uchun “O‘zbekgidroenergo” AJning qariyb 12 mlrd so‘mlik o‘z mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Ushbu GESning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha o‘rtacha 12 800 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ta’minlanishi kutilmoqda.

Bu esa, Shohimardonda yashovchi qariyb 7000 nafar aholi yoki 2100 ta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘lig‘icha uzluksiz qondirish hamda ushbu hududda ishlab chiqarish va turizmni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Shu sababli, mazkur loyiha, avvalambor, inson qadrini yuksaltirish va adolatli ijtimoiy siyosat yo‘lida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ulkan ishlarning Shohimardon qishlog‘idagi kichik bir amaliy ko‘rinishi hisoblanadi.

Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida qo‘llanilayotgan blok-modulli mikroGES uskunalari qurilish xarajatlarini qariyb 500 ming yevroga iqtisod qilish imkonini yaratdi.

Alohida aytish joizki, Hamdo‘stlik mamlakatlari uchun yangi bo‘lgan Yevropaning innovatsion blok-modul mikroGESlarini o‘rnatish tajribasi kelajakdagi gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Shartnoma grafigiga muvofiq, Shohimardon GESi 2023 yilning sentabr oyida – Davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati Ⓣ

Top