Qariyb bir yarim yil davom etgan pandemiya, uning ortidan Superliga mashmashalari UYeFA uchun ham qaysidir ma’noda ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lgani shubhasiz. Natijada, klublarga qo‘yiladigan moliyaviy talablar, jumladan fair play qoidalarida ham islohotlar amalga oshmoqda. Qisqasi, futbol daromadlarining umumiy xarajatlardan ustun bo‘lishi asosiy yo‘nalish sifatida olingan avvalgi tizim bekor qilinib, uning o‘rniga asosan klublarning transfer xarajatlari va maoshlarni cheklash bilan bog‘liq qator talablar paydo bo‘lmoqda.
Futbol iqtisodiyotidagi eng yaxshi nashrlardan biri SwissRamble sodda til bilan ushbu o‘zgarishlarni bayon qilib berdi. Xo‘sh, asosiy o‘zgarishlar nimadan iborat?
Birinchidan, «moliyaviy feyr-pley» tushunchasi endi yo‘q. Yangi norma «Moliyaviy barqarorlik qoidalari» deb ataladi. Bu tasodif emas. UYeFAdagi avvalgi qoidalar o‘yin haqqoniyligini ta’minlamasdi, albatta, yangilari ham to‘liq buni amalga oshira olmaydi. «Raqobat tengsizligini faqat moliyaviy qoidalar yordamida bartaraf etishning iloji yo‘q. Bu muammoni boshqa o‘lchovlar bilan uyg‘un shaklda yechish lozim. Aynan shuning uchun biz nomni o‘zgartirdik. Fair Play barchaga teng sharoitlarni taqdim etish, degan ma’noni anglatib qolayotgandi», – deya tushuntirdi UYeFA direktori Andrea Traverso.

Ikkinchidan, endi uch yillik davrdagi maksimal zarar limiti avvalgidek 30 million yevro emas, 90 million yevroga oshirildi. Aslida rasman limit 60 million yevroni tashkil qiladi, shu shartdaki, klub egasi 5 million yevrodan ortiq zararni o‘z yonidan qoplab, ta’sis etsa. Agar klub yaxshi moliyaviy holatda bo‘lsa, uch yilda yana 30 million, ya’ni hammasi bo‘lib 90 million yevro zarar bilan chiqishga «ruxsat beriladi».
Ammo endi infratuzilma, yoshlar va ayollar futboliga qilingan xarajatlar ham inobatga olinadi. Avvalgi qoidada bunday sarflar hisobotdan chetda qolardi.
Uchinchidan, UYeFA endi qarzdorliklar uchun klublarni jazolamaydi. Hatto 2021 yilda bo‘lgani kabi, «Barselona», «Chelsi» yoki «Tottenhem»ning milliardlik qarzlarini ham. Zero yangi qoidalar klub egalarini klubga qarz berishga emas, sarmoya kiritishga undaydi.
To‘rtinchidan, yangi qoidalarning asosiy mezoni shundan iboratki, endi klublar transfer va agentlarga xarajatlar hamda maoshlar uchun daromadning 70 foizini ishlata oladi, xolos. Albatta, futbolchilarni sotishdan keladigan foydani ham ishlatish mumkin. Bu qoida yevrokubokda qatnashadigan ish haqi vedomosti 30 million yevrodan oshgan klublar uchun taalluqlidir. UYeFA top-klublar ushbu limitga moslashishi qiyin ekanini tushungan holda, chegaralarni bosqichma-bosqich kiritmoqda – 2023/24 yillar mavsumida 90 foiz, 2024/25 yillar mavsumida 80 foiz va 2025/26 yilgi mavsumdan boshlabgina 70 foizga tushiriladi.











