12:25 / 16.07.2022
31322
«Bo‘lmagani yaxshi edi» - nukusliklar namoyishlar haqida

Kun.uz muxbiri Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, norozilik namoyishlari va undan keyin joriy etilgan favqulodda holat rejimi haqida aholining fikri bilan qiziqdi. Shaharda hayot barqaror, bir maromga tushganini ko‘rish mumkin.

Qoraqalpog‘iston poytaxtining markaziy ko‘chalari chorrahalarida turgan qurollangan harbiylar favqulodda holat rejimini saqlashga ko‘maklashmoqda. Strategik binolar ham kuch tuzilmalari tomonidan qo‘riqlanyapti. Mamlakatda hali internet ishlamayapti.

«Hozir tinchlik, shunga xursandman. Urush emas, tinchlik bo‘lgani yaxshi-ku. Boshqa nima ham deyman», – deydi Nukus markaziy bozori oldida biz uchratgan yoshi katta yo‘lovchi.

Biz mikrofon tutgan ko‘pchilik aholi negadir savollarga javob bergisi kelmadi. Ularning ko‘zida qandaydir hadik yoki ishonchsizlik bor edi. Bundan tashqari, bir necha kun avval bo‘lib o‘tgan voqealarning dahshati, tabiiyki, insonlarga yomon ruhiy ta’sir qilgan.

Bozorda biz bilan gaplashgan savdogarlar hayot bir maromga tushgani, mijozlar yana ko‘payib qolganini aytdi.

Kunning ikkinchi yarmida, kun salqinlagach, Nukus markaziy maydoniga bordik. Bu yerda ham odam kamroq. Mahalliy aholining aytishicha, ko‘pchilik soat 8 bo‘lmasdan uyga qarab shoshadi. Chunki 21:00 da boshlanadigan* komendantlik soatiga qadar uyga yetib olish uchun taksichilar, bozorchilar ham ertaroq harakat qilib, ishini tugatishga majbur bo‘lishadi.

«Shaxsiy fikrimni aytsam, bizga [Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid] moddalari o‘zgarmasa bo‘ldi. Xalq shunda rozi bo‘ladi. Prezidentimiz kelib, bu moddalar o‘zgarmasligini aytib ketdi.

Komendatura bo‘lsa, nima ham qilamiz. Shartga bo‘ysunamiz, prezidentimizning aytganini qilamiz”, – deydi xiyobondagi yo‘lovchilardan biri.

«Bu yerda yashaydigan millatlar shuncha vaqt bir tan bo‘lib yashab kelgan. Bilmadim, ko‘z tegdimi, shunday ishlar bo‘lib qoldi. Hammamizni yuragimizga qattiq ta’sir qildi.

Komendaturaning ta’siri faqat shu tungi vaqtda yurolmaslik orqali sezilyapti. Qolgan payti hammasi o‘z o‘rnida davom etyapti. Faqat blok-postlardagi tekshiruv vaqtining cho‘zilishi va issiq ta’sirida ko‘pchilik asabiylashishi mumkin”, – deydi Qoraqalpog‘iston nuroniylari yetakchisi Tursunboy Abdujabborov. 

*So‘rovnoma o‘tkazilgan vaqtda komendatura soati tungi 21:00 dan ertalab 07:00 gacha edi. Yaqinda komendatura soatlari 23:00 dan ertalab 05:00 gacha qisqartirildi.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top