11:31 / 26.07.2022
4717
AQSh Ozarboyjon va Armanistonga o‘zaro mojaroni hal etishda yordam taklif qildi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken prezident Ilhom Aliyev va bosh vazir Nikol Pashinyan bilan «mintaqada tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat»ni alohida muhokama qildi.

Foto: Reuters

AQSh Davlat departamenti saytida 25 iyul, dushanba kuni xabar qilinishicha, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan alohida telefon suhbatlarida «mintaqada tinchlik o‘rnatish uchun tarixiy imkoniyat»ni muhokama qilgan.

Ikkita deyarli bir xil xabarda qayd etilishicha, Blinken Ozarboyjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlarining yaqinda Tbilisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvini olqishlagan, tomonlarni muloqotni davom ettirishga undagan hamda «mintaqaviy transport va kommunikatsiya aloqalarini yengillashtirishda» AQSh yordamini taklif qilgan.

Bundan tashqari, davlat kotibi Amerika YeI vositachiligida Boku va Yerevan o‘rtasidagi «samarali muzokaralar»ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 1994 yildan beri Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha YeXHT Minsk guruhi hamraisi bo‘lgan AQSh «Armaniston va Ozarboyjonga uzoq muddatli keng qamrovli tinchlik o‘rnatishda yordam berishga tayyor», - deyiladi xabarda.

Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaro 2020 yilning yozida avj oldi. Keyinchalik, 27 sentabrdan 9 noyabrgacha Armaniston va Ozarboyjon aholisi asosan armanlardan iborat bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ uchun urush olib bordi. 6,5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan urush natijasida Ozarboyjon Qorabog‘ning salmoqli qismini o‘z nazoratiga qaytardi.

Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarboyjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari chegara chizig‘iga olib kelindi, biroq mintaqada keskinlik saqlanib qolmoqda.

1991 yilda SSSR parchalanganidan so‘ng, TQR bir tomonlama ravishda Ozarboyjondan mustaqilligini e’lon qildi, ammo hech bir davlat uni tan olmadi. Shundan keyin 1992-1994 yillarda boshlangan urushda har ikki tomondan 25-30 minggacha odam halok bo‘ldi, 1 millionga yaqin kishi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan muzokaralar jarayoni 1992 yilda boshlangan hamda o‘shandan beri Rossiya, Fransiya va AQSh hamraisi bo‘lgan YeXHT Minsk guruhi homiyligida davom etmoqda.

Top