08:23 / 12.08.2022
4991
Bellingcat va The Insider: «DLXR» aholisi bosqinchilarning talon-torojliklaridan shikoyat qilmoqda

Ukraina sharqida o‘zini «xalq respublikalari» deb e’lon qilgan hududlarda rossiyalik askarlarning talon-torojliklari va vahshiyliklari yuzasidan RF harbiy prokuraturasiga yuborilgan shikoyatlar arxivi jurnalistlar qo‘liga tushib qoldi. 

Foto: IMAGO

O‘zini Donetsk va Lugansk «xalq respublikalari» deb e’lon qilgan hududlarda fuqarolar Rossiya prokuraturasiga RFning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng rus harbiylari ularning uylarini shafqatsizlarcha talon-toroj qilib, vayron qilib ketayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu haqda 10 avgust, chorshanba kuni chop etilgan Bellingcat va The Insider surishtiruvida aytiladi. 

Jurnalistlar qo‘liga Rossiya harbiy prokuraturasiga yuborilgan shikoyatlar arxivi tushib qoldi, ulardan «DXR» va «LXR» hududida rus askarlarining talon-torojliklari hamda vahshiyliklari haqida bilib olish mumkin. 

Xususan, murojaatlardan birida 2014 yilda bosib olingan Lyubovka qishlog‘ida rus tanki darvozani sindirib, panjarani buzib tashlagani, uylardan birining garajiga kirib borib, uy egalarining mashinalariga zarar yetkazgani aytiladi. Shundan so‘ng, bino talon-toroj qilingan. «Ular 200 ming rubllik ehtiyot qismlar va asbob-uskunalarni o‘g‘irlagan, hattoki mashinada bo‘lgan mayda pullarni ham o‘marib ketgan. Aytingchi, shular ham odammi?» - deya jabrlanuvchilarning so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.

Yana bir maktubda muallif 2014 yilda bosib olingan Lugansk oblasti Baranikovka qishlog‘ida o‘zini «LXR» zobitlari va askarlari deb tanishtirgan «talonchilar to‘dasi» uylar va infratuzilma obektlarini talon-toroj qilganini bildiradi. «8 martdan keyin bir guruh talonchilar qishlog‘imizga kirib kelib, maktab, bolalar bog‘chasi, dorixona, uchta do‘kon, fermerlarni talab ketishdi va qulflarni sindirib, ikkita uyni egallab olishdi, — deyiladi arizada. - Ular professional talonchilar ekani ko‘rinib turardi, chunki hech narsadan tap tortishmadi. Qishloqlarda uylarning, yerto‘lalarning eshiklarini sindirib, u yerdan hamma narsani: kartoshka, sabzi, televizorlarni olib ketishdi. Ko‘rgan hamma narsasiga yopishib, kuchi yetganicha o‘marishdi».

May oyi oxirida «Mediazona» uch oylik urush davomida Rossiya harbiylari Ukraina bilan chegaradosh shaharlardan kamida 58 tonna posilka jo‘natganini yozgan edi. Nashr jo‘natmalar raqamlari ma’lumotlar bazasini o‘rganib chiqdi va ulardan foydalanib, «nafaqat urush boshlanishiga to‘g‘ri kelgan yuk tashish hajmining anomal o‘sishini, balki ommaviy talon-torojliklar versiyasini tasdiqlovchi shaharlar o‘rtasidagi noodatiy aloqalarni ham aniqladi».

Mavzuga oid
Top