10:39 / 24.08.2022
8032
Yekaterinburgda Kremlni tanqid qilgan sobiq mer Yevgeniy Royzman qo‘lga olindi 

Rossiyada eng mashhur mintaqaviy siyosatchilardan biri va hokimiyatning qat’iy tanqidchisi Royzman «Rossiya armiyasi haqidagi feyklar tarqatish»da ayblanmoqda. Unga besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Yevgeniy Royzman / Foto: egd.ru

Yekaterinburgda 24 avgust, chorshanba kuni ertalab Rossiyadagi eng mashhur mintaqaviy siyosatchilardan biri, ushbu shaharning sobiq meri Yevgeniy Royzman qo‘lga olindi. Royzmanning yordamchisi Laylo Husaynova mahalliy E1.ru nashriga bergan intervyusida uning shaxsiy Nevyansk buti va fondi muzeyi binolarida tintuvlar boshlanganini ma’lum qildi.

Siyosatchining o‘zi o‘sha nashrga unga nisbatan JK 280-moddasi 3-qismi - Rossiya armiyasi haqida «feyklar»ning ommaviy tarqatilishi bo‘yicha ish ochilganini aytdi. U Moskvada ko‘rib chiqilmoqda. Royzman jamg‘armasi TASS’ga tintuvlar haqidagi ma’lumotni tasdiqladi va muxolifatchi siyosatchining kvartirasida ham xuddi shunday choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. 

Mash Telegram-kanaliga ko‘ra, Royzman politsiya maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan. U e’lon qilgan videolarda kamuflyajdagi qurollangan odamlar binoga yugurib kelishi va o‘zini politsiya xodimlari sifatida tanishtirib, eshikni ochishni so‘ragani, so‘ngra yuqori qavatga ko‘tarilgani va eshikka yaqinlashgani, Royzmanning o‘zi ularga eshikni ochishi tasvirlangan. 

Yevgeniy Royzman Rossiya rasmiylarining harakatlari, jumladan, Ukrainaga qarshi urush bilan bog‘liq bo‘lgan keskin bayonotlari bilan mashhur. U allaqachon «RF QKni obro‘sizlantirish» uchun ma’muriy ish bo‘yicha uch marta jarimaga tortilgan. Endi Royzman besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. 

Top