Internetda tarqagan lavhalarda tabib yura olmaydigan, gapira olmaydigan va hatto ko‘z nuridan ayrilgan bemorlarni ham davolashga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Tabobat akademiyasida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgani aytilayotgan tabib aslida kim? U haqiqatan ham og‘ir bemorlarni davolay olyaptimi?

Qo‘shiqchilikdan tabiblikkacha...

51 yoshli tabib Iqbol Soliyev Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Mingtut qishlog‘ida yashaydi. Shu qishloqdagi xonadonida bemorlarni qabul qilyapti.

Uning otasi ham o‘z davrida tabiblik qilgan. Hozirda Soliyevning ukasi ham tabobat bilan shug‘ullanar ekan.

Mingtut qishlog‘i ahlining aytishicha, bundan bir muddat avval tabib to‘ylarda qo‘shiq aytib yurgan. U ijrosidagi qo‘shiqlar mahalliy telekanallarda ham namoyish etilgan. Iqbol Soliyev hofizlik barobarida tabobat bilan ham shug‘ullanib kelgan.

Lekin u paytda tabib bugungidek “mashhurlikka” erishmagan. Bundan 3-4 oy avval bemorlarni davolab, holatni ijtimoiy tarmoqlarga joylagandan keyingina xonadoniga mijozlar yog‘ilib kela boshlagan. Bir so‘z bilan aytganda, shundan keyin tabibga omad kulib boqqan.

Oxiri yo‘q navbat

Tabib istiqomat qiladigan Mingtut mahallasi Shukrona ko‘chasiga borganimizda bemorlar kelgan avtomashinalar to‘lib, asosiy katta ko‘chalargacha chiqib ketganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘plab bemorlar navbati qachon kelishini kutib turishardi. Kimdir mashinasi o‘rindig‘ida pinakka ketgan, kimdir oshxonada tushlik qilgan, yana kimlardir esa so‘rida uxlab yotardi.

Mashinalarni tartibga keltirish uchun tabib uyiga olib boradigan ko‘cha boshiga shlagbaum o‘rnatilgan. Navbatda kutib turganlar orasida hatto qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan bemorlar ham bor edi.

Tabibning hovlisi yonida to‘planib turganlarni uzoqdan suratga olishni boshladim. Shunda “Damas” ichida navbati kelishini kutib turgan qizlardan biri tabibning xos odamlari suratga olishga yo‘l qo‘ymayotgani haqida ogohlantirdi. Qiziq!