04:05 / 28.08.2022
10776
DXX Kubogi-2022 yakunlandi. Futbolda Toshkent viloyati, mini-futbolda Andijon tengsiz (fotoreportaj)
Foto: Tribuna.uz

Ikkinchi bor o‘tkazilgan DXX Kubogining final bosqichi yakuniga yetdi. 

Uyushmagan va kam ta’minlangan yoshlar jalb qilinib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, futbol va mini-futbol sport turlarini rivojlantirish hamda joylarda yangi iqtidorlarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan musobaqaning hal qiluvchi bahslari keskin kurashlar ostida o‘tdi.

Poytaxtda o‘tkazilgan final bosqichida har bir viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston respublikasidagi hududiy bosqichda g‘olib chiqqan jamoalar bellashishdi.

Foto: Tribuna.uz

Mini-futbol bo‘yicha g‘oliblik Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi «Ko‘l» jamoasi yoshlariga nasib etgan bo‘lsa, Toshkent shahrining Olmazor tumani «Paxta» jamoasi ikkinchi, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani «Oqtepa» jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. 

Futbol bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda esa Toshkent viloyati Bo‘ka tumani «Do‘stlik» jamoasi birinchi, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani «Bog‘iston» jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Jizzax viloyati Jizzax shahri «Turon» jamoasiga nasib etdi.

Foto: Tribuna.uz

Musobaqalar yakuniga ko‘ra mini-futbol bo‘yicha «Eng yaxshi o‘yinchi» deb Navoiy viloyati Xatirchi tumanining «Jaloyir» jamoasi a’zosi Shahboz Quvondiqov, «Eng yaxshi to‘purar» sifatida Xorazm viloyati Shovot tumanining «Oqko‘l» jamoasida o‘ynagan Bahrom Xudoyorov, «Eng yaxshi darvozabon» deb Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining «Oqtepa» jamoasi vakili Odiljon Madaliyev e’tirof etildi.

Foto: Tribuna.uz

Futbol bo‘yicha esa Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani «Bog‘iston» jamoasi a’zosi Ahror Xo‘jabekov «Eng yaxshi o‘yinchi», Toshkent viloyati Bo‘ka tumani «Do‘stlik» jamoasi hujumchisi Asadbek Ahmadjonov «Eng yaxshi to‘purar», Jizzax viloyati Jizzax shahar «Turon» jamoasi vakili Siroj Normurodov «Eng yaxshi darvozabon» deb topildi.

Futbol bo‘yicha finaldan so‘ng g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Chempionlarga bosh sovrinni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, futbol va mini-futbol bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan jamoalarga ular istiqomat qiladigan mahallada mini-futbol maydonchaci, ikkinchi o‘rin sohiblariga universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan), uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar mahallasiga esa «Stritbol» (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydonlari qurib beriladi.

Respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarning (1, 2, 3 va 4-o‘rinlar)  O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida bir hafta mobaynida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Shafran» tog‘-kurort kompleksida dam olishlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari DXX kubogining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 28ta jamoa vakillari istiqomat qiladigan mahallalarda «WORKOUT» maydonchalari barpo etiladi. 

Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz

Fotomuxbir A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid
Top