16:14 / 29.08.2022
63568
O‘qishga kirolmaganlar istalgan yo‘nalishda super-kontraktda o‘qishi mumkinmi?

Super-kontraktda o‘qishni istovchilar qachongacha ariza berishi kerak? Bunda 5 ta yo‘nalishdan xohlaganini tanlasa bo‘ladimi? Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev shu kabi qator savollarga javob berdi.

Super-kontrakt bilan birga oddiy kontrakt ham qo‘shib to‘lanadimi?

Birinchi yili faqat super-kontrakt summasi to‘lanadi, oddiy (bazaviy) kontrakt qo‘shib to‘lanmaydi. Ikkinchi yildan boshlab esa faqat oddiy kontrakt to‘lanadi, super-kontrakt to‘lanmaydi.

Super-kontraktda o‘qish uchun necha ball olish kerak?

Abituriyent tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktda o‘qishi uchun testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat to‘lov summasi baliga qarab farq qiladi.

Super-kontraktda o‘qishni xohlaganlar qachongacha ariza berishi kerak?

Hali super-kontrakt uchun arizalar qabul qilinmayapti. Arizani sentabr oyida, o‘qishlar boshlangach berish mumkin.

Arizalar 1 oktyabrga qadar qabul qilinadi. Bu yerda kimning birinchi bo‘lib ariza berishi ahamiyatsiz. Talabgorlar to‘plangan ballga qarab tartibga solinadi, ya’ni avval yuqori ball to‘plaganlarga imkon beriladi.

Ariza berish uchun OTMga borish kerakmi?

Ariza berish uchun OTMga borish shart emas. O‘tgan yildan super-kontrakt uchun arizalar onlayn qabul qilinadigan bo‘ldi. Uydan chiqmagan holda ham internet orqali ariza yuborish mumkin. Buning uchun OTMga kelish, kimnidir kabinetida navbat kutish, kimlargadir iltimos qilish shartmas. Ariza qabul qilinadigan sayt ishga tushgach, qo‘shimcha xabar qilinadi.

O‘qishga kirganlar boshqa yo‘nalishga super-kontraktni tanlay oladimi? Masalan, birinchi va ikkinchi yo‘nalishga bali yetmadi, lekin uchinchi yo‘nalishga o‘qishga kirdi. Abituriyent uchinchi yo‘nalishda o‘qishni istamay, birinchi yoki ikkinchi yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy oladimi?

Bu masala hozircha ochiq turibdi, joriy yilgi tartib tasdiqlanmagan.

O‘tgan yili abituriyent o‘zi tanlagan BIRINChI yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, unda o‘z xohishi istisno tariqasida BIRINChI tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi. Bu istisno 2, 3 yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni 3 ga kirgan bo‘lsa, 2-yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy olmasdi, faqat BIRINChIga ruxsat berilgandi. Joriy yilgi tartib tadsiqlansa, qo‘shimcha xabar beriladi.

O‘qishga kira olmaganlar istalgan beshta yo‘nalishda super-kontrakt qila olishadimi?

Ushbu masala hozircha noma’lum. Aniq bo‘lgach, xabar beriladi. O‘tgan yili beshta yo‘nalishga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi.

Mavzuga oid
Top