10:37 / 01.09.2022
6319

AEXA missiyasi Yenergodardagi ZAESni tekshirishga tayyorlanyapti

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning yadro mutaxassislari 1 sentabrdan boshlab Zaporijjya AESni tekshirishni boshlashni rejalashtirmoqda. 

Foto: Getty Images

1 sentabr, payshanba kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) inspektorlari Yenergodardagi Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)ga tashrifini boshlashga hozirlik ko‘rmoqda. Bir kun avval missiya ishtirokchilari stansiyadan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan Rossiya tomonidan bosib olingan Zaporijjya shahriga yetib kelishdi.

AEXA xodimlari ZAES hududida bir kun qoladi, dedi 31 avgust kuni Zaporijjya oblasti okkupatsion ma’muriyati «rahbari» Yevgeniy Balitskiy. O‘z navbatida, agentlik mutaxassislari uzoqroq qolishga umid qilmoqda. 

«Agar biz doimiy qolish yoki uzoqroq ishtirok etishga muvaffaq bo‘lsak, u holda muddatlar uzaytiriladi. Ammo bu birinchi bosqich bir necha kun davom etadi», dedi missiyaga rahbarlik qilayotgan AEXA bosh direktori Rafael Grossi jurnalistlarga. 

Avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi (RBB) urush paytida Zaporijjya oblastining muhim qismini egallab olgan rossiyaliklar xalqaro agentlik inspektorlari tashrifiga to‘sqinlik qilishda davom etishini aytgandi. 

«Xususan, stansiyaning o‘zini ham, AEXA vakillarining kelishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini ham provokatsion o‘qqa tutishlar to‘xtamayapti, - deyiladi xabarda. - Stansiya xodimlari qattiq repressiyalarga uchramoqda. Okkupantlar yetarli darajada «ishonchli» bo‘lmagan ayrim ishchilar g‘oyib bo‘lgan. Ularning taqdiri va hozir qayerda ekani noma’lum». 

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, turli sabablarga ko‘ra okkupantlar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan ZAES xodimlarining bir qismi, shuningdek, maxsus tayyorlangan «massovka» missiya a’zolarida mahalliy aholi okkupantlar harakatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi taassurot qoldirishi kerak. «Hozirda rossiyalik texnologlar ular bilan ssenariyni ishlab chiqish va Kreml uchun zarur bo‘lgan «surat»ni yaratish ustida ishlamoqda», - deyiladi RBB xabarida.

 

Mavzuga oid
Top