14:29 / 03.09.2022
13900

«Gazprom» Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib beryapti

Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berish «Sudja» GO‘S orqali kuniga 42,7 million kub metrni tashkil qiladi.

Foto: Getty Images

«Gazprom» Ukraina orqali tranzit bo‘yicha Yevropa mamlakatlariga «Sudja» gaz o‘lchash stansiyasi (GO‘S)dan «Soxranivka» GO‘S yordamida kuniga 42,7 million kubometr gaz yetkazib beryapti, deb xabar qildi Reuters agentligi 3 sentabr, shanba kuni kompaniya bayonotiga tayanib.

Bir kun avval «Sudja» stansiyasi orqali gaz chiqarish hajmi 41,3 million kubometrni tashkil etdi. 

11 maydan beri Ukrainaning gaz uzatish tizimi operatori (UGUTO) Rossiya qo‘shinlari tomonidan Lugansk oblastida egallab olingan «Soxranivka» GO‘S va «Novopskov» kompressor stansiyasi (KS) orqali Yevropaga gaz tranzitini to‘xtatdi. Kompaniya gazni keyingi tashishni imkonsiz qiladigan fors-major holatlari haqida xabar qildi.

Avvalroq «Gazprom» shirkati «Shimoliy oqim» orqali gazni yuklash dastlab rejalashtirilganidek 3 sentabrdan tiklanmasligini ma’lum qilgandi. Rossiya kompaniyasi bunga sabab sifatida «Portovaya» kompressor stansiyasida neft sizib chiqishini ko‘rsatdi. 

«Uskunaning ishlashiga oid jihatlar bartaraf etilmaguncha, «Shimoliy oqim» gaz quvuriga gaz berish butunlay to‘xtatildi», — deb xabar qildi rossiyalik monopolist. «Gazprom» bayonotida ta’kidlanishicha, «Siemens kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu dvigatellarda moy oqishi to‘liq bartaraf etilishini faqat ixtisoslashtirilgan ta’mirlash kompaniyasi sharoitida amalga oshirish mumkin». 

Germaniyaning Siemens Energy AG kompaniyasi bunga javoban «Shimoliy oqim» gaz quvuri ishini to‘xtatish uchun hech qanday texnik sabablar yo‘qligini aytdi. «Turbina ishlab chiqaruvchisi sifatida faqat shuni ta’kidlashimiz mumkinki, bunday xulosa («Gazprom»ning) ishni to‘xtatish uchun texnik sabab bo‘lmaydi. Bunday sizib chiqish odatda turbinaning ishlashiga ta’sir qilmaydi va ularni joyida bartaraf etish mumkin, - dedi kompaniya vakili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muammolarni bartaraf etish - «profilaktika ishlari doirasidagi muntazam operatsiya»dir. Siemens’da ta’kidlanishicha, ilgari bunday sizib chiqishlarning paydo bo‘lishi qurilma ishini to‘xtatishga olib kelmagan. 

Top