17:03 / 11.09.2022
23574

Dubayga qarab ketyapmizmi?! Toshkentda yana ikkita yashil hudud yo‘q qilindi

Noqonuniy o‘rab olingan daraxtzorlardan oxir-oqibat asar ham qolgani yo‘q. Prokuratura jinoyatga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotganini shundoqqina ro‘paradan kuzatib turdi. Unga hokimiyat, ekologiya, mahalla va uchastkavoylar tomoshabin sifatida sherik bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Daraxtga dushman, toshga do‘st poytaxtda yana bir oshkora qotillik ro‘y berdi. Navbatdagi va aniq bilamizki, oxirgisi bo‘lmagan bu mash’um voqea — aynan daraxtlarga yetkazilgan zarar tufayli yaqindagina hokimi va prokurori almashtirilgan Chilonzor tumanida sodir bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni poytaxtning Chilonzor ko‘chasini kengaytirish-ta’mirlash ishlari davomida yo‘l bo‘yidagi ko‘p yillik daraxtlarning ildizlari kesib tashlangani shov shuv bo‘lgan edi. Voqea ortidan Chilonzor tuman hokimi va prokurori ishdan olingan, picha o‘tib tumanga yangi hokim va prokuror tayinlangan edi.

Kecha tunda ro‘y bergan daraxtkushlik natijasida 58 ta daraxt bu yorug‘ olam bilan vidolashgan. Voqea Chilonzor tumani 3-daha, Chilonzor savdo markazi deb nomlanadigan hududda, tuman prokuraturasi binosining ro‘parasida, katta yo‘l yoqasida sodir bo‘lgan.

O‘shanda aniqlashimizcha, qimmatbaho daraxtlar ekilgan ushbu hududdan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2020 yil 3 sentabrdagi qaroriga ko‘ra, Dream House Stroy kompaniyasiga 20 sotix ajratilgan. O‘shanda, mehmonxona va biznes markazi qurishni mo‘ljallagan obektlar egalari 20 sotix emas, 40 sotix yerni o‘rab olishgan.

Eng achinarlisi, ushbu hududda daraxtlar hibsga olinib, qamal qilingani haqida yanvar oyida reportaj ham tayyorlagan edik.

Bugungi kunda 58 ta daraxtning qotiliga aylangan firibgar o‘shanda bizga bu daraxtlarga tegmayman, deb va’da bergandi. Shu o‘tgan davrda birorta ham tashkilot shu to‘siqlarni oldirib tashlolmadi.

Bu Oshkora qotillik qissasining xuddi o‘zi. Qotil aniq, qurbonlar aniq. Qotillik qachon ro‘y berishi noma’lum edi, xolos.

Endi bo‘g‘izlash sodir bo‘lganinidan so‘ng ekoqo‘mita «qarorni bekor qildirmoqchimiz, to‘siqni oldiramiz, 58 daraxt o‘rniga 60 tacha daraxt ekdik», deb o‘tirishibdi. 8 oy qayerda edilaring? Nega kesilguncha indamadilaring?

Daraxtlari kesilgan joyga shoshilinch ravishda tuvaklarda ko‘kartirilgan pavlovniya daoraxtlari o‘tqazib ham qo‘yishibdi. Go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek. Go‘yoki zarar o‘rni qoplangandek.

Avgust oyidagi Chilonzor voqeasidan so‘ng «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. Unda 31 dekabrgacha qarovsiz qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish ta’kidlangan edi.

Nega Chilonzor-3 dahasidagi bu daraxtlar ekologlar tomonidan xatlovdan o‘tkazilmadi.

Chunki daraxtlarimizni asrab-avaylash uchun mas’ul Ekoqo‘mitadagilar ekologiyani saqlash o‘rniga, u g‘orat qilinganidan so‘ng o‘zini borligini bildirib, jarima solish uchungina paydo bo‘ladi. Chilonzorga ular qadam bosmagani aniq. Isbot sifatida, Milliy bog‘da nimalar bo‘lganini e’tibor bermay, bog‘ ochilgach, nechta daraxtga zarar yetkazilgani va quriganini sanab berishdi. Arifmetikani bilishar ekan, haytovur!

Chilonzordagi daraxtkushlik barchani og‘ziga tushgan paytda ham Toshkentda daraxtkushlik davom etdi. Darxonda ko‘p qavatli turar-joy orqasida, yo‘l yoqasidagi daraxt kesib tashlandi. Daraxt bechora allaqaysi tadbirkorga birinchi qavatdan ofis ochish uchun xalaqit bergan.

Daraxt kesganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi kerak. 800 million so‘m zarar belgilanibdi. Aniq bilamizki, qotillar buncha pul to‘lashmaydi. Sud orqali zarar miqdorini kamaytirishadi.

Shuning uchun har bir daraxt kesilgani uchun jinoyat ishi ochilib, yetkazilgan zararlar miqdori 10 barobarga oshirilishi lozim. Shundagina bu ishlarga nuqta qo‘yish mumkin.

Aks holda daraxtlarni kesish davom etaveradi! Toshkentni tosh shaharga, cho‘lga aylantirish bir zum tin olmaydi. Daraxtzorlar o‘rniga mehmonxona va ofislar quriladi. Toshkent shunda Ortiqxo‘jayev solishtirishni yaxshi ko‘radigan ikkinchi Dubay bo‘ladi. Hattoki Dubaydan ham zo‘rroq shahar. Chunki qurilgan otellarda dam olish Dubaynikidan 2-3 hissa qimmatroq bo‘ladi. Chunki tashqarida yurib bo‘lmaydigan, nafas olib bo‘lmaydigan kunlar keladi. Dubaydan farqli o‘laroq.

Shuhrat Shokirjonov

Top