12:05 / 15.09.2022
28144

Rossiya propagandasi Xarkivdagi mag‘lubiyatga qanday munosabatda bo‘ldi?

Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida keng ko‘lamli qarshi hujum o‘tkazdi. Rossiya qo‘shinlarining chekinishi Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tan olindi, ammo bu «qayta guruhlash» deb ataldi.

Foto: «Rossiya 1»

Rossiya davlat telekanallari frontda yuz berayotgan jiddiy o‘zgarishlarni u yoki bu darajada inkor etishdi, biroq vatanparvarlik ruhidagi telegram kanallari «dushmanga tashabbus berib qo‘yilgani» uchun javobgarlarni qidirmoqda.

Ukraina harbiylarining Xarkivdagi faol qarshi hujumi sentabr oyining ilk haftasida boshlangan edi. 10 sentabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Balakliya va Izyum shaharlaridan chekinish haqida e’lon qildi, ammo harbiy departament buni «Donetsk yo‘nalishidagi harbiy harakatlarni kuchaytirish uchun qo‘shinlarni qayta guruhlash» deb atadi.

11 sentabr oqshomida Rossiya harbiylari Ukrainaning «muhim infratuzilma obektlariga» zarbalar berdi. Natijada beshta hudud to‘liq yoki qisman elektr energiyasiz qoldi.

Televizorda nima deyishdi?

Rossiya davlat kanallari harbiylarning Xarkiv oblastida chekinishi haqida juda oz va vazminlik bilan gapirdi.

«Vesti nedeli» («Rossiya 1»)

Dmitriy Kiselyov o‘z dasturining boshida chekinish haqida gapirdi. U o‘tgan hafta urush boshlanganidan beri «eng og‘irlaridan biri» bo‘lgani va «ayniqsa Xarkiv yo‘nalishida qiyin bo‘lganini, dushmanning ustun kuchlari hujumi ostida rus qo‘shinlari ilgari ozod qilingan aholi punktlarini tark etishga majbur bo‘lishgani»ni aytdi.

Shu bilan birga, boshlovchi Ukraina armiyasi katta yo‘qotishlarga uchragani, rus qo‘shinlari vaziyatni barqarorlashtirishga va qamaldan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.

Kupyanskka qilingan hujum haqida batafsil to‘xtalib, Ukraina harbiylari boshqa narsalar qatori turar joy hududlarini o‘qqa tutgani va ularning qismlari asosan G‘arb yollanma askarlari nazoratida ekanligi aytildi.

Shuningdek, «Vesti nedeli»da Xerson oblastidagi harbiy harakatlar haqida ma’lumot berilib, Ukraina qo‘shinlari «hujum boshida erishgan muvaffaqiyatlarni mustahkamlay olmagani» (va go‘yo shu sababli «tinch aholini terror qilishni boshlagani») va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» hududida rus harbiylari hujumkor operatsiyalarni davom ettirayotgani aytildi.

Kiselyov, shuningdek, yangi bosib olingan aholi punktlarida ukrainalik harbiylar «filtrlash» o‘tkazayotganini, «neonatsistlar» tinch aholini, ayniqsa, Rossiya pasportini olishga muvaffaq bo‘lganlarni o‘ldirish bilan tahdid qilishayotganini aytdi. «Bularning barchasi juda achinarli», deb xulosa qildi boshlovchi.

«Itogi nedeli» (NTV)

«Itogi nedeli» ko‘rsatuvida boshlovchi Iroda Zeynalova chekinish haqida batafsil to‘xtalmadi, ammo Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkovning brifingi namoyish etildi. U «Donetsk yo‘nalishida harbiy harakatlarni kuchaytirish uchun Izyum-Balakliya guruhini tartibli ravishda ko‘chirish» boshlanganini e’lon qildi.

Voqea joyidan qilingan reportajda Xarkiv oblastida janglar davom etayotgani, «lekin eng yomon vaziyatning oldi olingani, ya’ni Rossiya qurolli kuchlari qurshovda qolmagani» aytildi. Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, «harbiylarning Ukraina-Amerika-Yevropa kuchlari front bo‘ylab tarqoq holda joylashgan va noqulay ahvolda qolgan». «Biroq, bu Kiyevga g‘alaba haqida feyk ma’lumotlarni tarqatishiga to‘sqinlik qilmaydi», dedi muxbir.

Shuningdek, «Itogi nedeli»da rus harbiylarining Donetsk yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli operatsiyalari davom etayotganiga urg‘u berildi.

«Voskresnoye vremya» (Birinchi kanal)

Birinchi kanalning yakuniy dasturida chekinish haqida deyarli aytilmadi.

«So‘nggi kunlardagi shiddatli janglar: Xersonga yorib kirish uchun katta yo‘qotishlarga uchragan jangarilarning qolgan qismi yo‘q qilinishi, «DXR» hududidagi strategik muhim nuqtalarni ozod qilish, qo‘shinlarni qayta guruhlash», boshlovchi so‘nggi voqealar haqidagi xabarlarni shunday boshladi.

«Birinchi kanal» Konashenkovning brifingidan parchalarni namoyish etdi, unda Ukraina armiyasining katta yo‘qotishlari haqida gapirildi. Biroq, «qayta guruhlash» boshlangani haqidagi bayonoti ko‘rsatilmadi.

Shundan so‘ng, «qo‘shinlarni qayta guruhlash jarayonida jangchilar va qo‘mondonlar ko‘rsatgan qahramonliklar to‘g‘risida» hisobot boshlandi. Muxbir «qayta guruhlanish»ning mohiyati haqida hech qanday ma’lumot bermadi, faqat mudofaa vazirligining «Izyum-Balakliya guruhi operatsiyalarini qisqartirish va tartibli ko‘chirish jarayoni» haqidagi rasmiy ta’rifini takrorladi.

«60 minut» (Rossiya 1)

Siyosiy tok-shoularda ham mavzu atroflicha muhokama qilinmadi. Masalan, boshlovchi Olga Skabeyeva «Rossiya 1» kanalidagi «60 minut» dasturida aslida Ukraina qo‘shinlari Kupyanskni qisman ozod qilganini deyarli tasdiqladi. To‘g‘ri, u «Kupyanskning sharqiy qismi qo‘shinlarimiz tomonidan ushlab turilibdi», dedi.

«Axmat» maxsus otryadi qo‘mondoni Apti Alaudinov (videoda go‘yo Ukrainadan turib) rus harbiylarining Xarkiv oblastidagi chekinishini «to‘g‘ri qaror» deb atadi – «agar qo‘shinlar ko‘chirilmaganida juda jiddiy yo‘qotishlar bo‘lar edi», dedi u. Shuningdek, «Butun front chizig‘i bo‘ylab vaziyat barqarorlashdi. U yerda boshqa hech kim hujumga o‘tmayapti», dedi u qo‘shimcha qilib.

Tok-shou boshlovchilari va ishtirokchilari Ukraina tomoni ko‘plab yo‘qotishlarga duch kelayotganini ta’kidlab, Rossiyaning chekinishini haspo‘shlashga urinishdi. Olga Skabeyevaning ta’kidlashicha, «6 sentabrdan 10 sentabrgacha Ukraina qurolli kuchlari Krivoy Rog, Mikolayiv va Xarkiv yo‘nalishlarida 4 mingdan ortiq jangchi yo‘qotdi. Yana bir bor qaytaraman, 4 ming kishi halok bo‘ldi. 8 mingdan ortiq kishi yaralandi».

RUSSIA 1 TV SCREENSHOT

Senator Konstantin Dolgov Xarkivda olg‘a siljayotgan ukrainalik jangchilarni halokatga mahkum deb atadi: «Ularning ko‘pchiligi uyga qaytmaydi. Bu vaqt masalasi. Onalariga achinaman, lekin bu Zelenskiy va G‘arbning tanlovi».

Rossiyaparast telegram kanallarida nima deyishmoqda?

Rossiya vatanparvarlari va targ‘ibotchilarining Xarkiv oblastidagi chekinishga munosabati ko‘proq hissiyotli bo‘ldi. Ularning aksariyati an’anaviy savollarni berishdi – kim aybdor va nima qilish kerak.

O‘z-o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin (Strelkov) istehzo bilan tan oldi: «Izyum, Balakliya va Kupyansk shaharlarini ukrainalik hurmatli hamkorlarga topshirish operatsiyasi a’lo darajada bajarildi (aniq reja doirasida va hatto muddatidan oldin). Oqibatda Xarkivning Ukraina harbiy-fuqarolik ma’muriyati tomonidan nazorat qilinadigan hududi sezilarli darajada kamaydi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarining Xarkiv yo‘nalishidagi mag‘lubiyati asosida ham obektiv, ham sub’yektiv omillar yotadi: «Eng asosiy obektiv omil – qarama-qarshilik frontini keng miqyosda to‘sish uchun zarur bo‘lgan harbiy qismlar va ularning tarkibidagi askarlarning o‘tkir yetishmasligi. Shuningdek, Faol Armiya o‘rniga «Trishkin kaftan»ga (to‘liq va qisman jangovar qismlarni turli «teshiklarni» yopish uchun u yoqdan bu yoqqa ko‘chiraverish) ega bo‘lish qachonlardir shunday ayanchli oqibatlarga olib kelishi kerak edi. Xarkiv frontida shunday bo‘lib ham chiqdi (ehtimol, keyinchalik boshqa hududlarda ham yuz berishi mumkin)».

Davlat dumasi deputati, yozuvchi Zaxar Prilepin (2016-2018-yillarda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» batalonlaridan birining qo‘mondoni o‘rinbosari) 10 sentabr kuni «agar xafa bo‘lishni istamasangiz» yangiliklarni o‘qimaslikka chaqirdi.

Ukrainada jang qilayotgan rus millatchilari va ko‘ngillilarining telegram kanallarida bayonotlar yanada keskinroq bo‘ldi.

«Rus imperiyasi legioni» harbiy qismi bilan bog‘liq bo‘lgan PARTIZAN kanalida 11 sentabr kuni shunday yozildi: «Izyum va Xarkiv oblastining boshqa shaharlari Rossiya hukumati tomonidan oldindan kelishilgan holda topshirilgan. Bu haqiqat! Lekin biz, oldingi safdagilar buni eng oxirida bildik».

«Hurmatli Strelkov tartibli chekinish deb ataydigan narsa aslida jang maydonidan qochish edi. Askarlar bitta pulemyot va narsalari solingan sumka bilan piyoda ketishi. Ular qo‘mondonlik tomonidan tashlab ketildi, qayerga borishni ham bilmay qolishdi. Izyumdan chiqarilgan kuchlar bilan nafaqat mintaqani ushlab turish, balki Slovyanskka muvaffaqiyatli hujum qilish mumkin edi. Qaror tabiiy ekanini ko‘rsatish uchun ayrim qismlar kuchlar teng bo‘lmagan jangga tashlandi. Oqibatda, ular halok bo‘ldi yoki asirga olindi. Ko‘plab qurollar va texnika ukrainaliklarga qoldirildi».

Hard Blog kanali shunday yozdi: «Tashabbus dushmanga berib qo‘yilganiga kim aybdor? Hech kim? Xo‘p, mayli. Agar hech kim aybdor bo‘lmasa, yigitlarni qurbon qilishda davom etamiz. Ko‘rinib turibdiki, aynan ular aybdor.

«Hozir tanqidning mavridi emas...», «Hozir eng muhimi...», «Vaziyat og‘ir, ammo...» – bularning bari targ‘ibotchilarning tasalli berishi va bahona. Hammasi oson – aybdorlar otib tashlanishi kerak. Vorislarining ko‘z o‘ngida. Kafolat beraman – biz operatsiyalarni qanday rejalashtirishni va qanday kurashishni bilishimiz darhol ma’lum bo‘ladi va xatolar soni sezilarli darajada kamayadi».

RT rahbari Margarita Simonyan shunday yozdi: «Umuman olganda, albatta, turbovatanparvarlar uchun og‘ir kun. Mag‘lubiyat tarafdorlari uchun ham. Ikkalasi ham yurak xurujiga duch kelishi mumkin».

Uning fikricha, «bu vaziyat hammani birlashtirishi kerak».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top