10:37 / 18.09.2022
43735

Endi Nur-Sulton emas. Qozog‘iston poytaxti nomi 30 yilda to‘rtinchi bor o‘zgarmoqda

Qozog‘iston mamlakat poytaxtiga Ostona nomini qaytardi: bu qanday va nima uchun amalga oshmoqda?

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonga Ostona nomini qaytarish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Shuningdek, u shanba kuni mamlakat qonunchiligiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ham tasdiqladi - bu tuzatishlar poytaxt nomini o‘zgartirish imkonini beradi.

«Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nur-Sulton shahri nomi - Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Astana deb o‘zgartirilsin. Ushbu farmon e’lon qilingan kundan kuchga kiradi», deyiladi To‘qayev saytida e’lon qilingan hujjat matnida.

Qozog‘iston poytaxti Ostona nomi uch yil oldin Nur-Sulton deb o‘zgartirilgan edi. Endilikda shaharga avvalgi nomini qaytarish g‘oyasi parlament deputatlari tomonidan ilgari surildi, uni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Konstitutsiyaviy kengash qo‘llab-quvvatladi va o‘zgarish Konstitutsiyada mustahkamlandi. Shu tariqa, shahar 1992 yildan beri to‘rtinchi marta nomini o‘zgartirmoqda.

Akmolinsk (1832-1961). 1832 yilda Rossiya imperiyasi tomonidan Ishim (Yesil) daryosi bo‘yicha kichik qal’a-istehkom qurildi. Unda kichik harbiy otryad joylashtirildi. Ular hududni va yo‘llarni qaroqchilardan himoya qilishi kerak edi.

Akmolinsk hududning Oqmo‘la nomidan olingan. Bu nom qadimgi hun tilidan kelib chiqqan bo‘lib, oq qal’a ma’nosini anglatadi. Qadimda bu joylarda hunlar oq toshlar va pishgan g‘ishtdan turli istehkomlar, kichik qal’alar, maqbaralar barpo etishgan. Ular Yesil va Nura daryolari bo‘yiga qurilgan va uzoqdan ko‘zga tashlanib turgan. Ulardan biri Qorao‘tkelda (hozirgi Ostona shahri o‘rnida) bo‘lgan.

Akmolinsk qal’asi Rossiyadan Osiyoga olib boradigan savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani tufayli tezda kengayib boradi. 1862 yilda u shahar maqomini oladi. 4 yil o‘tgach, Akmola viloyati paydo bo‘ldi. 1910 yilga kelib, shaharda 13 ming aholi yashar edi.

Tselinograd (1961-1992). Sovetlar davrida Oqmo‘la viloyati qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan keng ko‘lamli dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 1953-1958 yillarda hududga 270 ming kishi ko‘chib bordi va u qishloq xo‘jaligining yirik markaziga aylandi. 1960 yilda shahar nomi Tselinnaya o‘lkasi (bo‘z, qo‘riq yerlar o‘lkasi) deb o‘zgartirildi, Akmolinsk esa Tselinograd nomini oldi.

Oqmo‘la (1992-1998). SSSR parchalanganidan keyin shahar Oqmo‘la ko‘rinishida avvalgi nomiga qaytarildi.

Ostona (1998-2019). 1997 yilda Qozog‘iston poytaxti Olmaotadan Oqmo‘laga ko‘chirildi. Bir yildan so‘ng esa shahar nomi Ostona (Astana) deb o‘zgartiriladi. Bu poytaxt so‘zini anglatadi.

Shu yillar davomida shahar qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. U kengaytirildi, yangi ma’muriy binolar, uy-joylar, yangi aeroport, yo‘llar barpo etildi. Olmaotadan ko‘plab ma’muriy idoralar Ostonaga ko‘chirildi. Prezident saroyi, Qozog‘iston parlamenti, Mustaqillik saroyi, TIV binosi, Mudofaa vazirligi binolari barpo etildi. Shahar yirik ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va ishbilarmonlik markaziga aylandi. Ostona aholisi 1 milliondan oshib, Qozog‘istonning yirik shaharlari safiga kirdi.

Nur-Sulton (2019 yildan hozirgacha). 2019 yil mart oyida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqdi. Ertasi kuni prezident vazifasini bajaruvchi Qosim-Jo‘mart To‘qayev poytaxt nomini uning sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirishni taklif qildi. 23 mart kuni bu haqdagi farmon imzolandi va Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kirituvchi qonun qabul qilindi. Shahar nomi o‘zgargan bo‘lsa-da, poytaxt aholisi astanaliklar deb nomlanishda davom etishi, shuningdek, shaxsiy hujjatlarni o‘zgartirish shart emasligi qayd qilindi.

Ostona (2022 yil 17 sentabrdan). «Jana Kazaxstan» (Yangi Qozog‘iston) partiyasi deputatlaridan bir guruhi sentabr oyi boshida shaharga avvalgi nomini qaytarish tashabbusi bilan chiqishdi. Parlamentariylar «odam tirikligida [ya’ni Nursulton Nazarboyev] uning nomi bilan shaharni nomlash to‘g‘ri bo‘lmaydi» degan xulosaga kelishgan.

O‘tgan hafta davomida deputatlar taklifi davlat rahbari roziligi bilan Konstitutsiyaviy kengashda (Nazarboyev ham tarkibida) ko‘rib chiqish uchun oshirildi.

Konstitutsiyaviy kengash tuzatishlarni ma’qulladi, 15 sentabr kuni esa Ostona shahar kengashi yangi nomlanishni ma’qulladi.

Bu o‘zgarishlar yanvar oyi boshida Nazarboyevning siyosatdan butunlay ketishi lozimligi haqidagi shiorlar yangragan norozilik namoyishlari ortidan sodir bo‘ldi. Iste’foga chiqqanidan keyin u muhim davlat lavozimlarini, jumladan, Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini ham saqlab qolgan edi. Namoyishchilar o‘z talabiga erishdilar – endi Nazarboyev faqat «millat otasi» rasmiy unvonini saqlab qoladi. Ommaviy axborot vositalarida nomning o‘zgarishi «Nazarboyev merosidan xalos bo‘lish» kampaniyasining davomi sifatida qabul qilinmoqda.

Mavzuga oid
Top