14:13 / 23.09.2022
6670

Buxoroda Damashq atirgulini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi

Buxoro viloyati Vobkent tumanida Damashq atirgullarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Agro.uz

Qayd etilishicha, tumanning Guliston qishlog‘ida yashovchi dehqon Mirshod Boboyev hududdagi sho‘rxok, toshloq, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 26 gektar ekin maydonini mas’uliyati cheklangan jamiyat uchun foydalanishga olgan. Yer ekin ekishga tayyor holatga keltirilgach, Damashq atirgullari ko‘chatlari o‘tqazildi. 

«Damashq atirgulidan olingan bir litr efir moyidan 26 tonna atir ishlab chiqarish mumkin. Uning 4 tonna gulidan esa, 1 litr efir moyi chiqadi. Ushbu moy eksportbop mahsulot bo‘lgani uchun u dunyo bozorida xaridorgir. Bizning o‘zimizga ham Turkiya, Germaniyadan efir moyini xarid qilish bo‘yicha takliflar tushyapti. Bir gektar maydonga ekilgan atirguldan 80 million so‘m sof daromad olish mumkin. Faqat buning mehnatidan qochmaslik kerak, unga mehr berib, parvarishlash lozim», — deydi Mirshod Boboyev.

Tadbirkor atirguldan faqatgina efir moyi olish bilan kifoyalanmadi. Atirgul gulidan qiyom tayyorlanib, qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. 

Mirshod Boboyev yer maydoniga Damashq atirgulidan tashqari moychechak ham yetishtirmoqda. Dorivor moychechak bo‘yi 15-40 smga yetadigan bir yillik o‘t o‘simlik hisoblanadi. U keng tarqalgan bo‘lib, asosan o‘tloqlarda, ekinzorlarda (begona o‘t sifatida), yo‘l yoqalarida o‘sadi. 

Damashq atirguli asosan madaniylashgan holda uchraydi. U Rossiya, Gruziya, Moldova, Tojikiston, Qirg‘izistonda hamda Qrimda, Kavkazortida va Krasnodar o‘lkasida o‘stiriladi. O‘zbekistonda ham sinov tariqasida ekildi.

Atirgul moyi preparati dorilar hidi va mazasini yaxshilash uchun ishlatiladi. Uning moyi atir ishlab chiqarish, parfyumeriyada qo‘llaniladi. 

Respublika sharoitida asosan payvand qilish yo‘li bilan ko‘paytirishda kerakli atirgul navi bitta yoki bir nechta kurtagi avgust oyi oxirlarida payvandtagga (na’matakka) ulanadi. Kelasi yil erta bahorda payvandtag unga ulangan kurtak yuqorisidan kesib tashlanadi va payvandni bog‘lagan chipta bo‘shatiladi. Mavsum davomida shoxchalar 4-5 marta yulib tashlanadi. Payvandli gul 15-20 sm o‘sgandan keyin bo‘yiga cho‘zilishiga va muddatidan oldin gullashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Buning uchun payvand gul uchi kesilib, yon shoxlari qisqartirib turiladi. Oktabr oyi oxiri - noyabr oyi boshlarida bu payvandlar to‘la shakllangan ko‘chatga aylanadi. 

Atirgul ko‘chatlari unumdor va suv bilan ta’minlangan yerlarga kuzda va bahorda o‘tqaziladi. Vegetatsiya davri davomida atirgul ekilgan maydon 20 martacha sug‘oriladi va 6 martagacha oralari chopiladi.

Top