12:29 / 23.09.2022
31717
Rossiyaning qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarida ko‘p kilometrlik navbatlar yuzaga keldi

Ketayotganlardan armiyada xizmat qilgan-qilmagani so‘ralmoqda.

21–22 sentabr kunlari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya chegara punktlarida, asosan Gruziya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Finlandiya bilan chegarada avtomobil tirbandliklari yuzaga kelgani aks etgan ko‘plab videoyozuvlar hamda suratlar tarqaldi. OAV va telegram-kanallar buni RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan 21 sentabr kuni e’lon qilingan safarbarlik bilan bog‘lamoqda. Chegarada avval ham ko‘p kilometrlik navbatlar kuzatilgan, ammo so‘nggi kunlarda bu muammoli holatga aylandi.

Gruziya

Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punkti orqali 22 sentabr kuni soat 12:00 holatiga 10 soatda o‘tish mumkin bo‘lgan, gruziyalik bloger Nikolay Levshitsning aytishicha, 21 sentabr kuni bu muddat uch soatni tashkil etayotgandi. «Exo Kavkaza» («Ozodlik radiosi» loyihasi) «Verxniy Lars»da avtomobillar tirbandligi aks etgan videolarni tarqatdi.

Chegarani avtomobilda kesib o‘tish ko‘p vaqt oladi, piyoda kesib o‘tish esa mumkin emas, shu tufayli rossiyaliklar bu ish uchun samokatlar sotib olishmoqda.

Shimoliy Osetiya FVV 22 sentabr kuni «nazorat-o‘tkazish punktlari shtat rejimida ishlayotgani»ni ma’lum qildi.

Qozog‘iston

Guvohlarning suratlariga ko‘ra, Orenburg oblastidagi «Mashtakovo» punktida ham (Samaradan 190 kilometr masofada) ko‘p kilometrlarga cho‘zilgan navbatlar yuzaga kelgan. Ko‘plab odamlar chegaragacha taksida yetib olishmoqda va chegaradan piyoda o‘tishmoqda. Tolyattida yashovchi rossiyalik Qozog‘istonning «Moy gorod» nashriga bergan intervyusida «safarbarlik e’lon qilinishi bilanoq» mamlakatdan ketishga qaror qilgani haqida aytgan. Chelyabinsk oblastidagi «Bugristoye» punktida ham navbatlar yuzaga kelgan, bu haqda BBC rus xizmatiga chegaradan o‘tib kelgan rossiyaliklardan biri aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosan yosh yigitlar o‘tirgan 100 dan ortiq avtomobilni ko‘rganini aytgan.

23 sentabr kuni Qozog‘iston chegara xizmati Rossiya bilan chegarada respublika hududida kirib keluvchi xorijliklar soni keskin oshgani va qator nazorat-o‘tkazish punktlarida transport va yo‘lovchilar oqimi oshganini ma’lum qildi.

Mo‘g‘uliston

Videoyozuvlarga ko‘ra Buryatiyadagi «Kyaxta» chegara punktida ham navbatlar hosil bo‘lgan. «Kyaxta» Irkutskdan 520 kilometr, Ulan-Udedan 230 kilometr masofada joylashgan. 21 sentabr kuni kunduzi «Kyaxta» telegram-kanali Rossiya-Mo‘g‘uliston chegarasida «katta ajiotaj kuzatilayotgani» to‘g‘risida xabar berdi. 22 sentabr kuni Mo‘g‘uliston TIV bu chegara o‘tish joyida navbatlar yo‘qligi, nazorat-o‘tkazish punkti odatiy rejimda ishlayotganini ma’lum qildi.

Finlandiya

21 sentabr kuni kechqurun, Peterburgning «Fontanka» nashri yozishicha, Leningrad oblastidagi chegara punktlarida navbatlar yuzaga kelgan, tunda tirbandlik bir necha kilometrga cho‘zilgan. Finlandiyaga o‘tayotgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, bungacha kechasi chegarada navbatlar kuzatilmasdi, endi ular chegaradan o‘tish uchun besh soatgacha vaqt sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda. Finlandiya chegara xizmati 21 sentabr kuni kechqurun chegaradagi vaziyat deyarli o‘zgarmaganini aytgandi, ammo ko‘p o‘tmasdan, 22 sentabrga o‘tar kechasi trafik keskin oshgani ma’lum qilindi. Chorshanba kuni ushbu qo‘shni mamlakatga Rossiyadan 4824 avtomobil o‘tgan, o‘tgan haftada — bu miqdor kuniga 3 mingga ham bormayotgandi.

Rossiyadan chiqib ketayotgan erkaklarning bir qismidan armiyada xizmat qilgan-qilmagani so‘ralmoqda. 21 sentabr kuni, «Pogranichnyy kontrol» telegram-kanali o‘quvchilariga ko‘ra chegaradan erkaklarni ortiqcha savollarsiz qo‘yib yuborishayotgandi. Shu kuni kechga borib Moskva aeroportlarida xorijga chiqayotgan ko‘plab erkaklardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rash boshlandi va bu o‘rtacha besh-o‘n daqiqa vaqt olardi. 22 sentabrga o‘tar kechasi boshqa chegara punktlarida ham shunday savollar berila boshlagan.

Xabarlarga ko‘ra, erkaklardan safardan maqsadi, armiyada xizmat qilgani, harbiy mutaxassisligi, xizmat qilgan joyi (yoki xizmat qilmagani sababi), harbiy bileti bor-yo‘qligi, shuningdek Rossiyaga qaytish chiptasi olgan-olmagani so‘ralmoqda. «Pogranichnyy kontrol» kanali o‘quvchilariga ko‘ra, ayrim chegarachilar «hozir chaqiruv kuni ekani», odamlar esa «safarbarlikdan qochayotgani» haqida aytgan.

Harbiy kafedrani bitirgan va armiyada xizmat qilmagan 33 yoshli rossiyalik «Meduza» bilan suhbatda 22 sentabr kuni Sheremetevodan qanday uchib ketgani haqida aytib bergan: «Pasport nazoratida avvaliga pasportni qaytarishmadi, xodim uni ko‘tarib bir xonaga yo‘l oldi. 10 daqiqa o‘tib ma’lumotlarni aniqlashtira boshladi. Chiptani qachon sotib olganimni so‘radi. Men unga aytdim: „Nega?“ U aytdi: „Aytaylik, 21 sentabrga qadar bo‘lsa, muammo yo‘q, agar keyin bo‘lsa, muammo chiqishi mumkin». Shundan keyin xodim pasportni qaytargan, yo‘lovchi esa chegaradan o‘tgan.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top