Yaqindagina Zangiota tumani Nazarbek shaharchasida yashovchilarni qiynayotgan yo‘l muammosi haqida reportaj e’lon qilgan edik. Afsuski, hudud aholisi ta’lim tashkilotlarining ahvolidan ham shikoyat qilmoqda. Gap shundaki, 11 oktyabr kuni Nayman mahallasidagi 23-sonli bog‘chaning devorlari cho‘kib, bir ahvolga kelgan.

Holatni o‘rganish maqsadida bog‘chaga bordik va mudira Nargiza Magdiyeva bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bu maktabgacha ta’lim tashkiloti 2021 yil 13 sentabr kuni foydalanishga topshirilgan. Lekin topshirilganiga atigi 1 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, ahvol shunday… Devorlar cho‘kib, yuqori qismlari yorilib yotibdi.

23-sonli bog‘cha, Zangiota tumani, Nazarbek QFY, Nayman mahallasi

“12 oktyabr kuni ertalab ishga kelganimizda shunday holat yuz bergan ekan. Bu devorning tagi shibbalanmagan (trambovka qilinmagan), suv ketgani uchun devorlar cho‘kkan deb aytishmoqda. Bir kunda sodir bo‘ldi hammasi, 11 oktyabr kuni kechasi soat 6 da ketayotganimizda barcha narsalar joyida edi.

Ertasi kuni bu holat bo‘lib turibdi, hozir hamshira xonasi, idish-tovoq yuvadigan xona va omborxona devorlari cho‘kkan.

Devor cho‘kkanini ko‘rgach, o‘sha kuni bolalarni 1 kun qabul qilmadik. Quruvchini chaqirdik, kelib ko‘rdi. 12 oktyabr kuni ertalabdan ishchi xodimlarini olib kelib, to‘g‘rilab berishni boshlashdi.

Yuqori tashkilotlardan ham kelib ko‘rishdi, aylanma yo‘llarimiz borligi uchun devor cho‘kkan hududdagi eshiklarni yopib, bolalarni o‘sha aylanma yo‘llar orqali xonalarga olib chiqyapmiz. Majburan bolalarni qabul qilyapmiz”, – deydi bog‘cha mudirasi.

Nargiza Magdiyeva, 23-sonli MTT mudirasi

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, shu vaqtgacha bog‘chada bunday nosozliklar kuzatilmagan. Kichik kamchiliklar tezda bartaraf etilgan. 23-sonli bog‘cha 100 dan oshiq bolani qabul qilish quvvatiga ega, ammo ayni vaqt qurilish ishlari olib borilayotgani uchun 80-90 nafar bola qabul qilinmoqda.