14:07 / 19.10.2022
20415

«Bu uchuvchilarga havas qilmagan bo‘lardim». Yeyskda samolyot qulashi bo‘yicha yangi tafsilotlar

Yeyskdagi halokat - urush boshlanganidan buyon Rossiya aviatsiyasida jang maydonidan tashqaridagi o‘ninchi harbiy samolyot yo‘qotilishi bo‘ldi.

Erik Romanenko / TASS

17 oktyabr kuni kechqurun Krasnodar o‘lkasida Azov dengizi sohilidagi Yeysk shahrida turar joy binolari hovlisiga harbiy samolyot quladi. Qulash chog‘ida samolyot «uylarga urilib ketgan», natijada yong‘in boshlangan. Mahalliy rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni 15 nafarga yetgan, 19 kishi jabrlangan. BBC rus xizmati ushbu hodisa bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni to‘pladi.

Samolyot qanday qulagan?

Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, Su-34 harbiy samolyoti texnik nosozlik oqibatida halokatga uchragan. Hududda aviayonilg‘i tufayli chiqqan yirik yong‘in oradan olti soat o‘tibgina o‘chirilgan. Tergovchilar yonilg‘i namunalarini va bort yozuvlarini olishgan. Katapulta orqali omon qolgan uchuvchilar hamda aerodrom xodimlari so‘roq qilingan. Mazkur holat yuzasidan «Parvoz yoki unga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish» moddasi (RF JK 351) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Halokatdan keyin olingan videolardan birida yerda yotgan uchuvchidan guvohlar samolyot urib tushirilgani ehtimoli haqida so‘rashadi. U «yo‘q» deb javob qaytaradi.

«Men samolyot uyim ustidan qanday uchib o‘tayotganini va undan uchqun sachrayotganini ko‘rdim. U juda pastlab va ancha sokin uchardi», deydi BBC bilan suhbatda mahalliy aholi vakili Irina.

«Samolyot ko‘rindi, men u nega bu qadar pastlab uchayotgani haqida o‘yladim. Va shunday hushtak chalindi, go‘yo trubinalar katta tezlikda ishlayotgandek. Qarasam, u qulamoqda. Bu bir yarim-ikki sekund ichida ro‘y berdi», deya hodisani tasvirlaydi guvohlardan biri «161.ru» muxbiriga.

Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy sahifasi bo‘lmish «Zvezda» kanali samolyot ko‘tarilish chog‘ida halokatga uchraganini ma’lum qilgan. Uchuvchilar bunga samolyot dvigatellaridan biri yonib ketgani sabab bo‘lganini aytishgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Su-34 o‘quv-mashg‘ulot parvoziga chiqqandi va uning bortida o‘q-dorilar bo‘lmagan.

Halokat va yong‘in aks etgan dastlabki videolarda portlashlar ovozi eshitilgan, guvohlar buni o‘q-dorilar detonatsiyasi sifatida qabul qilishgandi. Ammo mahalliy rasmiylar va FVV ma’lum qilishicha, samolyot o‘zi bilan jangovar o‘q-dorilar olib uchmagan. «Agar shu kabi holat bo‘lganida edi, uyning yarmi vayron bo‘lib ketardi», degan Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev.

Qulash chog‘ida samolyot Kommunistlar ko‘chasidagi to‘qqiz qavatli uyga urilib ketgan. Uyda yong‘in boshlangan, bu esa bir necha qavat qulab tushishiga olib kelgan. Mahalliy «161.ru» nashri e’lon qilgan fotosuratlarda uyga qadalib qolgan samolyot parchalarini ko‘rish mumkin: balkondagi qo‘nish moslamasi (shassi) va devordan chiqib turgan qanot bo‘lagi.

STRINGER/AFP VIA GETTY IMAGES

Qurbonlar va jabrlanuvchilar

Halokat joyida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan. Qurbonlar soni 15 nafarni tashkil etmoqda, shundan uch nafari - bolalar. Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Anna Minkovaning ma’lumot berishicha, uch kishi olovdan saqlanish uchun yuqori qavatlardan sakrab halok bo‘lgan. Yana 19 kishi tan jarohatlari olgan. Jabrlanganlarning besh nafari bolalar, ikki nafari homilador ayollar. To‘rt kishi - jonlantirish bo‘limida qolmoqda. 

Ko‘p qavatli uydagi 72 kvartira turli darajada shikastlangan. Krasnodar gubernatori qurbonlarning dafn marosimlari xarajatlarini to‘lab berilishi, qurbonlarning qarindoshlariga 1 million rubldan berilishini ma’lum qilgan. Jabrlanganlarga ham moddiy yordam ko‘rsatiladi - yengil jarohatlanganlarga 200 ming rubldan, o‘rta va og‘ir darajada jarohatlanganlarga esa 400 ming rubldan to‘lanadi. Yo‘qolgan mulklar uchun ham kompensatsiya nazarda tutilgan: qisman yo‘qotishlar holatida uyda yashovchi oilaning har bir a’zosi uchun 50 ming rubldan, to‘liq yo‘qotilgan holatda esa 100 ming rubldan beriladi. Nihoyat, har bir jabrlanuvchi uchun bir martalik to‘lov 10 ming rublni tashkil etadi. 

17-19 oktyabr kunlarida Yeysk rayonida motam e’lon qilindi. Halokat joyida yodgorlik o‘rnatildi.

STRINGER/AFP VIA GETTY IMAGES

Shikastlangan uylarda jami 675 kishi istiqomat qilgan. Hodisadan keyin 501 kishi qarindoshlarinikiga joylashtirilgan, 23 kishi vaqtincha joylashtirish punktiga evakuatsiya qilingan. 

Ko‘p qavatli uyning o‘zi nima qilinishi hozircha noma’lum. Hisob-kitoblardan keyin uy tiklanishi yoki buzib tashlanishi va odamlarga yangi turar joylar berilishi mumkin.

Gubernator Kondratev uy bir oy ichida tiklanishi mumkinligi, ammo hozirda bu borada yakuniy qarorga kelinmaganini aytgan. Xarobalarni tozalash jarayoni hamon davom etmoqda. Qutqaruvchilar odamlarni ular o‘z buyumlari va hujjatlarini olishi uchun ayrim pod’yezdlarga kirita boshlagan.

Atrofdagi boshqa binolar shikastlanmagan.

«Kamdan kam uchraydigan holat»

The Bel nashrining hisoblashicha, Yeyskda Su-34 qulashi Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon aviatsiyada jang maydonidan tashqarida o‘ninchi samolyot yo‘qotishi bo‘ldi. Rasmiylar bu yo‘qotishlarning yarmidan ortig‘i o‘quv parvozlari vaqtida ro‘y berganini ma’lum qilgan.

Sobiq harbiy uchuvchi, Aviatsiya va kosmik qidiruv-qutqaruv federal boshqarmasining sobiq rahbari Vladimir Popov samolyot turar joy binosiga urilishini kamdan kam ro‘y beradigan holat deb atagan. 

«Mening xotiramda samolyot turar joy binosiga aniq borib urilishi bilan bog‘liq faqat bitta holat qolgan — bu Novosibirskda ro‘y bergan. Bu fuqarolik uchuvchisining ruhiy holati bilan bog‘liq edi. U qasddan samolyotni uy tomon boshqarib borgan, ammo portlamagan, faqat yonib ketgan. Harbiy aviatsiya tarixidagi bunday holatlar haqida bilmayman», — degan u «Fontanka» nashriga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, uchuvchilar «quruqlikdagi infratuzilmalarga zarracha bo‘lsa ham zarar yetish xavfi yo‘qligiga amin bo‘lgandagina katapulta bo‘lishi mumkinligi»ga o‘rgatiladi.

«Agar samolyot yoki vertolyot bunday avariyaviy vaziyatga tushib qolsa va uchuvchi uchish-qo‘nish yo‘lagiga yetib bora olmasligini ko‘rib turgan bo‘lsa, u samolyotni tark etish uchun qaysi hududlar ma’qul ekanini biladi. Aholi yashash manzillaridan qochish uchun zarracha imkoniyat bo‘lsa ham barcha choralarni kerak. Ha, pastda qishloq yoki qandaydir tovuq fabrikasi bo‘lsa ham, biz u yerdagilarning xavfsizligini ta’minlashimiz kerak», — degan Popov.

Shu tufayli Yeyskda samolyotdan katapulta bo‘lgan uchuvchilar tergovning shu bo‘yicha savollariga javob berishiga to‘g‘ri keladi.

«Savollar juda ko‘p bo‘ladi, bu shunday. Men bu uchuvchilarga havas qilmagan bo‘lardim. <…> Va tushunish kerak bo‘ladi: balki qator texnik omillar ham rol o‘ynagandir. Aytaylik, u samolyotni cho‘lga olib ketmoqchi bo‘lgan, ammo shamol oqimi o‘zgarib, yo‘nalishni burib yuborgan va bu baxtsiz uylar tomon ketayotgan samolyot ruli qotib qolgan bo‘lishi mumkin», — deydi Popov.

Rossiyada samolyotlar turar joylarga qulashi bilan bog‘liq bir necha holat mavjud. Biri 1976 yilda Novosibirskda ro‘y bergan, «An-2» «kukuruz» samolyotini o‘g‘irlagan uchuvchi qasddan besh qavatli uyga borib urilgan. Bu harakat sababi uchuvchi ayolidan qasd olishi sifatida ko‘rsatilgan. Olti kishi halok bo‘lgan.

1997 yilda Irkutskda An-124 rusumli yo‘lovchi samolyot halokatga uchraydi. Parvozga chiqishidan bir necha soniya o‘tib  samolyotning to‘rt dvigatelidan uchtasi ishdan chiqadi va u turar joy binosiga qulaydi. Natijada 72 kishi halok bo‘ladi.

Yeyskda qulagan Su-34 — rossiyalik harbiylarning asosiy front bombardimonchilaridan biri sanaladi. U armiyada 2014 yildan buyon foydalaniladi va Su-24 ning takomillashtirilgan varianti hisoblanadi. U avvaliga Suriya hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan, hozirda esa — Ukraina shaharlarini bombalamoqda. Ochiq manbalarda so‘nggi oylarda bunday bombardimonchi samolyot Yeyskdagi aerodromdan harbiy vazifa bajarish uchun uchirilgani haqida ma’lumot yo‘q. Yeyskda dengiz aviatsiyasining o‘quv markazi joylashgan, bu yerda boshqa harbiy uchuvchilar ham tayyorlanadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top