10:53 / 19.10.2022
46028

Samarqandda YTHda ikki kishi vafot etdi. Qurbonlardan biri – uch kunlik chaqaloq

Jomboyda “Spark” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, “Nexia” bilan to‘qnashishi oqibatida “Spark” haydovchisi va tug‘uruqxonadan olib kelinayotgan uch kunlik chaqaloq vafot etdi.

Foto: STV

Kun.uz Samarqand viloyati IIBdan olgan ma’lumotga ko‘ra, 18 oktyabr kuni soat 13:40da Jomboy tumani Ko‘kgumbaz mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-502 avtomobil yo‘lining 10-km “Shirinkent-G‘azira” yo‘nalishida odamlar o‘limi bilan bog‘liq avtohalokat sodir bo‘lgan.

Haydovchi N.N. boshqaruvidagi “Spark” rul boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va A.A. boshqaruvida harakatlanib kelayotgan “Nexia”ga borib urilgan.

Kun.uz'ning aniqlik kiritishicha, “Spark” haydovchisi N.N. va “Nexia” ichida bo‘lgan chaqaloq hodisa joyida vafot etgan. Tug‘ilganiga 3 kun bo‘lgan chaqaloq tug‘uruqxonadan olib ketilayotgan bo‘lgan.

“Nexia” haydovchisi va undagi yo‘lovchilar jiddiy tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jomboy tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan JKning 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top