10:47 / 20.10.2022
4367

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz” nomidan feyk ma’lumotlar tarqatilmoqda

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan O‘zbekiston parlamenti va “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida aholi daromadini oshirish, oddiy fuqarolarning farovonligini ta’minlash maqsadida maxsus dastur ishga tushirilganligi haqidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Videodan kadr

Internetga joylashtirilgan yolg‘on videoda dasturda ishtirok etish uchun hech qanday bilim talab etilmasligi ta’kidlanib, oddiy odamlarning ham loyihada qatnashib, mo‘may daromadga ega bo‘lganliklari haqidagi intervyular e’lon qilingan.

«Firibgarlar tomonidan yaratilgan “Telegram-bot” lardan foydalanmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, Instagram, Facebook, Twitter, LinkedIn, Google+, Pinterest, Snapchat, YouTube, Reddit, WhatsApp, Flickr, Weibo kabi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan yolg‘on axborotlardan ogoh bo‘ling.

Yolg‘on chaqiriq qilgan firibgarlar internet foydalanuvchilarning telefon raqam va plastik kartalaridan pul yechib olishga urinishlari mumkin.

Hurmatli internet foydalanuvchilari, “O‘zbekneftgaz” AJ nomidan foydalanib, daromad ilinjida yurganlarning aldovlariga uchmang», deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

“O‘zbekneftgaz” AJ faoliyati bilan bog‘liq rasmiy xabarlar bilan faqatgina jamiyatning www.ung.uz veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali tanishish mumkin.

Top