O‘zbekiston | 12:05 / 16.11.2022
19808
3 daqiqa o‘qiladi

“Energetika ta’minotidagi kunlik talab va taklif o‘rtasida 15 mln kVt/soat salbiy tafovut bor” - Sherzod Xo‘jayev

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi kunlik ehtiyojni qoplash uchun 230-232 mln kVt/soat elektr energiyasi resursi mavjud, ammo shu kecha-kunduzdagi haqiqiy ehtiyoj 245 mln kVt/soatni tashkil etmoqda. “Xuddi shunday salbiy tafovut tabiiy gazda ham mavjud”, – dedi u.

Foto: AOKA

Bugun, 16 noyabr kuni AOKAda energetika tizimida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilmoqda. Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning ta’kidlashicha, ayni paytda mamlakatdagi haqiqiy ehtiyoj va yetkazib berilayotgan elektr energiyasi o‘rtasida 15 mln kVt/soat salbiy tafovut yuzaga kelgan.

“Bugungi kunda O‘zbekistondagi kunlik ehtiyojni qoplash uchun 230-232 mln kVt/soat elektr energiyasi resursi mavjud. Buning bir qismi o‘zimizda ishlab chiqarilsa, bir qismi import qilinadi. Xo‘p, mamlakatda haqiqiy talab qancha va uni ta’minlash uchun qancha elektr energiyasi kerak degan savol bugungi kunda juda ham dolzarb. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, noyabr oyining mana shu kecha-kunduzida haqiqiy ehtiyoj 245 mln kVt/soatni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, bugungi kunda haqiqiy ehtiyoj va yetkazib berilayotgan elektr energiyasi o‘rtasida 15 mln kVt/soat salbiy tafovut bor. Xuddi shunday salbiy tafovut tabiiy gazda ham mavjud.

Oxirgi 3-4 kunni oladigan bo‘lsak, ko‘chada 10-12 daraja issiq bo‘lgan holda, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yil qish oyidagi eng sovuq kunlar bilan tenglashdi. Bu nimadan dalolat beradi, xoh elektr energiyasi, xoh tabiiy gaz bo‘lsin, ishlab chiqarishni oshirish bilan talabni to‘liq qondirib bo‘lmaydi. Resurslari tugamaydiganday ko‘rinadigan arab mamlakatlarida ham tejamkorlik umummilliy g‘oyaga aylangan.

Mamlakatimizda bino-inshootlarni isitish va yoritishga sarflanadigan energiya miqdori rivojlangan mamlakatlardan 3 barobar ko‘p. Ammo yuzaga kelgan hozirgi holatni faqatgina isrofgarchilik bilan izohlamoqchi ham emasmiz. Amalga oshirgan loyihalarimizda ham ancha-muncha kamchilik, xatolarimiz bor. Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bajara olmagan joylarimiz ham ko‘p. Lekin shu bilan birga nima qilsak, hozirgi holatni yaxshilashimiz mumkin degan savolga javob topishimiz kerak”, dedi u.

Mavzuga oid