Baxmut vitse-merining aytishicha, shaharda birorta sog‘ bino qolmagan. Foto: Reters

Donbassning markaziy qismida joylashgan, urushgacha 70–75 ming kishi yashagan Baxmut so‘nggi bir necha oy ichida Ukraina front chizig‘ining eng qizg‘in nuqtasi bo‘lib qolmoqda.

Shaharning shubhali qiymatiga qaramasdan, Rossiya qo‘mondonligi nima qilib bo‘lsa ham uni egallash uchun ko‘plab askarlar va texnikalarini shu yerga tashlagan, shahar shturmida ishtirok etayotgan «Vagner» yollanma jangarilar guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin esa Baxmut to‘liq qurshab olinishi haqida bot-bot chiqishlar qilmoqda.

BBCga bergan intervyusida Baxmut shahri merining o‘rinbosari Oleksandr Marchenko janglar shaharni nimaga aylantirganini so‘zlab berdi.

«Shahar amalda yo‘q qilib tashlangan. Birorta butun bino qolmagan. Ruslar hammasiga o‘q uzishgan, — degan Marchenko. — Ularda shaharni saqlab qolish niyati yo‘q. Ularning yagona maqsadi — odamlarni qirish, ukrain xalqini genotsid qilish».

Shaharda reportyorlari ishlayotgan Associated Press agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni vaqtinchalik ko‘prik orqali Baxmutdan chiqib ketishga uringan bir ayol o‘ldirilgan, ikki erkak yaralangan. Mahalliy aholiga shahardan chekinishiga yordam berayotgan Ukraina harbiylarining aytishicha, otishmalar tufayli fuqarolar shaharni mashinalarda tark etishi juda xavfli bo‘lib qolgan, shu sababli odamlar piyoda chiqib ketishga majbur bo‘lishmoqda.

Marchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Baxmutda ayni paytda 4–5 mingga yaqin fuqarolar bor. Ular gaz, elektr va suvsiz boshpanalarda jon saqlashmoqda.

«Insonparvarlik yordami oyiga bir marta kelib turibdi. Svet ham, gaz ham, suv ham yo‘q. Bu yerda qolganlar tirik qolsin deb Xudoga iltijo qilib yotibmiz», — deydi mahalliy turg‘un Natalya Ishkova. U turmush o‘rtog‘i bilan katta qismi vayronaga aylangan shaharda qolishga qaror qilgan.

AP muxbirlari shanba kuni Ukraina harbiylari tomonidan tiklangan, Baxmutda qolayotgan tinch aholi qo‘shni Xromove posyolkasiga yetib olishi uchun mo‘ljallangan ponton ko‘prigini ko‘rishgan. Shundan so‘ng Xromoveda Rossiya qo‘shinlari o‘t ochishi natijasida beshta uy yongan.