09:13 / 02.04.2023
28791

Z-artistlarga qarshi kampaniya, oyliklar oshishi va pasaymagan tezlik - hafta dayjesti

Kremlparast artistlarning Boku va Olmaotada qabul qilinmagan konserti Toshkentda o‘tkaziladimi? Inflatsiya 12 foiz bo‘lib turgan bir paytda nega oyliklar 6,5 foizga oshirildi? Jarima ballari bo‘yicha topshiriqni bajarmagan IIV tezlikni pasaytirish talabini ham bajarmoqchi emasmi? Yakunlanayotgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjesti.

Yakunlanayotgan hafta o‘zbekistonlik faollar, ayniqsa o‘z fikriga ega yoshlarning rus propagandasiga qarshi kampaniyasi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Ular e’lon qilgan boykot sabab, Ozarboyjon va Qozog‘istondan quvilgan Z-artistlar endi O‘zbekistonda ham qabul qilinmasligi mumkin.

O‘nlab rossiyalik qo‘shiqchilarni jamlaydigan “Jara” festivalining o‘tgan yili Boku va Olmaotada bo‘lishi belgilangan konsertlari jamoatchilik qarshiligi sababli bekor qilingan edi. Bunga sabab – festival ishtirokchisi bo‘lgan bir qator qo‘shiqchilar Rossiyaning Ukraina hududlarini bosib olishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan. Festival asoschilaridan biri, G‘arb sanksiyalari ostidagi Grigoriy Leps doimiy ravishda Putin ishtirokidagi Z-shoularda qatnashib keladi, u Donbassda konsert ham bergan.

Toshkentdagi festival 20-21 may kunlari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik harakati boshlangach, yarim-rasmiy manbalarda konsert noma’lum muddatga qoldirilishi ma’lum qilindi. Lekin buni hech qaysi davlat idorasi tasdiqlay olmayapti: Kun.uz bog‘langan Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert”, Toshkent shahar hokimligi, shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi kabi davlat organlarining hech qaysisi aniq gap ayta olmadi. Lekin bu gap-so‘zlar fonida “Jara” uchun chipta sotayotgan iticket.uz sayti konsert bekor qilinmaganini aytib chiqdi. 1 aprel holatiga ham, saytda chiptalar sotuvi davom etyapti.

Umuman, voqealar rivojidan urushni qo‘llovchilarga sahna berish masalasi xuddi ikki tomon o‘rtasida savdolashilayotganga o‘xshaydi. O‘zbekistonliklar e’tiroz bildira boshlaganidan keyin, konsert afishasidan urushni oqlovchi ayrim ashulachilar, xususan Grigoriy Leps, Dima Bilan va Lolita olib tashlandi. Ma’lumot uchun, 1 hafta oldin Leps Toshkentdagi konsertda ishtirok etishini aytib videomurojaat yo‘llagan edi.

Shunga o‘xshash savdolashuv, aftidan, Qozog‘istonda ham bo‘lgan. Tashkilotchilar o‘tgan yili Bokuda konsert berish bo‘yicha Ozarboyjon rasmiylaridan rad javobini olgach, Qozog‘istonga ko‘z tikkan va 25-28 iyul kunlari Olmaotada konsert bo‘lishini e’lon qilishgan. Lekin qozoqlarning ham qarshiligiga duch kelib, rejalar yana buzilib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, tashkilotchilar “muzokaralar”ni davom ettirgan va Olmaotadagi festivalni 2023 yil 9-12 mart kunlariga belgilashga muvaffaq bo‘lishgan. Bu orada Grigoriy Leps, Dima Bilan, Olga Buzova, Anita Tsoy va Lolita afishalardan olib tashlangan. Lekin bu “yon berish” oxir-oqibat baribir foyda bermagan: 15 fevral kuni Qozog‘istondagi konsert noma’lum muddatga qoldirilgani e’lon qilingan.

O‘rganishlarimizga ko‘ra, “Jara” festivali Toshkentda o‘tkazilishi uning Olmaotada bekor qilingani bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Tashkilotchilar O‘zbekistonda konsert berishni avvalroqdan reja qilgan. O‘tgan yili sentabrda “Zhara evens” nomli kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Toshkentdagi festival uchun ochilgan Instagram-sahifaga posterlar 15 yanvardayoq joylana boshlagan. Ilk postlarda milliarder Alisher Usmonovga aloqador Ucell kompaniyasi asosiy homiylar qatorida ko‘rsatilgan. Keyinroq homiylar ro‘yxatiga Orient Finans Bank qo‘shilgan.

Inflatsiya 12 foiz, oylik oshishi 6,5 foiz

1 apreldan pensiya va nafaqalar 7 foizga oshirildi. Endilikda eng kam pensiya miqdori 677 000 so‘m, nogironlik pensiyalari 747 ming so‘m bo‘ldi. 1 maydan e’tiboran esa budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning maoshlari 6,5 foizga oshadi. Eng kam oylik 980 ming so‘m deb belgilanadi. Stipendiyalar oshishi ko‘zda tutilmagan. Oliygohlardagi kontrakt miqdorlari o‘zgarishi borasida esa hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

E’tiborlisi, oyliklar va pensiyalar 7 foiz atrofida oshayotgan bir paytda, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlar 10 foizga ko‘tarilyapti: 1 maydan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 300 ming so‘mdan 330 ming so‘mga oshadi. Shu bilan birga, xuddi shu sanadan boshlab 372 turdagi huquqbuzarliklar uchun jarimalarga chegirma miqdori ham oshadi: 15 kun ichida to‘langanda 50 foiz, 30 kun ichida to‘langanda 30 foiz chegirma olish mumkin.

Oylik va pensiyalar oshishi haqidagi xabarni hamma ham xursandchilik bilan qabul qildi, deb bo‘lmaydi. Chunki 7 foizlik ko‘tarilish – oxirgi yillardagi oshirishlar bilan taqqoslaganda ham, rasmiy inflatsiya bilan solishtirganda ham sezilarli kam. Bir necha yil oldin maoshlar va pensiyalar inflatsiyadan kam bo‘lmagan darajada indeksatsiya qilib borilishi aytilgan edi. Vaholanki, shu hafta e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir yillik davrdagi inflatsiya 12 foiz, oziq-ovqat inflatsiyasi esa salkam 15 foiz bo‘lgan. Oxirgi bir yilda asosiy iste’mol tovarlari 12-15 foizga qimmatlashib, oyliklar esa 7 foizga oshdi degani – aholining real daromadlari oshish o‘rniga, kamaydi degani. Oddiyroq qilib aytganda, bu oylikka yashaydigan odamlarning kambag‘allashganini anglatadi.

Bunga javoban rasmiylarning aytishicha, oyliklar yil oxirigacha hali yana oshiriladi. Xususan, 1 sentabrdan ish haqi, pensiya va nafaqalarni 10 foizga oshirish va’da qilindi. Oxirgi marta 15 oy oldin 498 ming so‘m deb belgilangan kambag‘allik chegarasi, ya’ni minimal iste’mol xarajatlari esa haligacha yangilanmayapti.

2023 yilda, shuningdek, aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilmasligi ham e’lon qilindi. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov energiya narxlari oshmasligi ehtimoli katta ekani, uy xo‘jaliklari uchun esa narxlar aniq oshmasligini aytdi. Ya’ni yil oxirigacha gaz va elektr tariflari faqat yuridik shaxslar uchun ko‘tarilishi mumkin. Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, vazirlik ijtimoiy norma belgilash masalasini ko‘rib chiqishda davom etyapti. “Sovuq qishda uyida futbolkada yuradigan boy odamlar bozor narxida to‘lashi kerak, bu adolatdan bo‘ladi”, – dedi Dilshod Sultonov.

“Tashabbusli budjet”: Ovoz yig‘ish ham, bahslar ham qizidi

“Tashabbusli budjet”da 7 aprelgacha davom etadigan ovoz yig‘ish jarayoni ayni avj pallasiga kirdi. Soliqlardan yig‘ilgan 1,5 trln so‘m pulni qayerga ishlatishni hal qilish jarayoni avvalgilardan ham qizg‘inroq davom etyapti. 31 mart holatiga jami yig‘ilgan ovozlar soni 14 millionga yaqinlashdi. Taqqoslash uchun, avvalgi mavsumdagi loyihalarga jami 7,8 millionta ovoz berilgandi.

Shu bilan birga, hududlarda mahalliy amaldorlarning nayranglari loyiha obro‘sizlanishiga sabab bo‘lyapti. Ayrim holatlarda quruvchi kompaniyalar ovozlarni sotib olishga kattagina mablag‘ sarflayotgani, keyin esa hokimliklar bilan avvaldan kelishilgan korrupsion sxema orqali loyiha tenderini yutib olib, bu pulni ortig‘i bilan chiqarib olayotgani aytilyapti. Shu hafta rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra, quruvchi kompaniyalarni tenderda tanlab olish tartibini o‘zgartirish orqali bunday o‘yinlarga barham berish ko‘zda tutilgan.

“Tashabbusli budjet” atrofidagi boshqa noxush holatlar esa maktablar bilan bog‘liq. Eng zaif qatlam bo‘lmish o‘qituvchilar maktab uchun ovoz yig‘ishga majburlanyapti. Shunday holatlarning birida, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘quvchilari pul olib kelish uchun dars paytida uyiga jo‘natildi. O‘qituvchi ularga sim-karta sotib olish uchun 10-20 ming so‘mdan pul olib kelishni buyurgan. Voqea videolari tarqalgach, maktab direktori lavozimidan olindi, o‘qituvchiga esa ogohlantirish berildi. Yana bir holatda, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida maktab direktori 8-sinf o‘quvchilarini ovoz yig‘ishga jalb qilgani ma’lum bo‘ldi.

Shunisi e’tiborliki, Oqqo‘rg‘on va Xatirchidagi ikkala maktab ham shundog‘am yaqin yillarda ta’mirlangan. Xatirchidagi maktab o‘tgan yili ham “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lib, sinflarga kamera o‘rnatilgan, mini-stadion qurib berilgan; bu yil esa quyosh paneli o‘rnatish va boshqa tashabbuslar bilan loyihada qatnashyapti. Umuman, respublika bo‘yicha e’lon qilingan quyosh panellariga o‘tish kampaniyasi fonida, “Tashabbusli budjet”da ham bu boradagi takliflar juda ko‘paygan.

Shu va boshqa holatlar sabab ijtimoiy tarmoqlarda “Openbudjet” tanqidchilari va loyihani yoqlovchilar o‘rtasida bahslar ko‘paydi. Tanqidchilar joylarda ovoz to‘plashning g‘irrom yo‘llaridan yurilayotgani, jarayonga o‘qituvchilar, shifokorlar va bog‘chalar xodimlari majburan jalb qilinayotganini aytib, loyihadagi hamma ishlarni aslida davlat hech qanaqa ovozsiz qilib berishi kerakligini aytyapti. Loyiha tarafdorlari esa O‘zbekiston tarixida birinchi marta xalq o‘z soliqlaridan shakllangan budjetni erkin taqsimlashda ishtirok etayotgani, “Openbudjet” O‘zbekiston xalqi demokratiyaga tayyor emas degan gap qanchalik xatoligini ko‘rsatib bergani, loyihani to‘xtatish emas, aksincha unga ajratiladigan pullarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidlayapti.

Erkin va halol saylovlar yo‘q mamlakatda “Tashabbusli budjet” kabi loyihalarning bo‘lishi – odamlar uchun katta imkoniyat. Bu loyiha aholiga hokimlarning bu yil, keyingi yil degan va’dalari amalga oshishini kutmasdan, o‘zlari uyushgan holda muammoni hal qilish imkonini beradi. Fikrimizcha, “Openbudjet” tanqidchilarining so‘zlari ko‘proq hissiyotga asoslangan. Loyihada haqiqatan ham kamchiliklar bor, lekin bu uni yopib tashlash kerak degani emas. Masalan, ovozlarni sim-kartaga emas, mobil qurilmalarning IMEI-kodlariga bog‘lash orqali loyihani ham takomillashtirish, ham yanada soddalashtirish mumkin.

Bundan tashqari, qonunlar ham ishlashi kerak. Shu hafta imzolangan qonunlar bilan, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi. Tibbiyot xodimining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun esa ma’muriy javobgarlik kiritildi.

Shaharlarda tezlik pasaymadi, prezident farmoni yana bajarilmadi

O‘zbekiston shaharlarida tezlikni pasaytirish masalasini mas’ullar yana paysalga solyapti. Prezident farmoniga asosan, 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar va tumanlar markazlarida eng yuqori tezlik soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi kerak edi. Lekin bu borada Yo‘l harakati qoidalariga haligacha o‘zgarish kiritilgani yo‘q. Radar va kameralar ham yangi cheklovlarga moslashtirilmadi. Qachon moslashtiriladi, prezident farmoni nega vaqtida ijro etilmadi – biz bu savollarga mas’ullardan javob ololmadik.

Bu – prezidentning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlari bajarilmay qolayotgan birinchi holat emas. Avvalroq ham prezident qarorida belgilangan muddat pisand qilinmasdan, jarima ballari tizimini ishga tushirish ham noma’lum muddatga kechiktirib yuborilgandi.

Haydovchilar uchun yana bir eslatma. 1 apreldan boshlab, 2010 yilgacha berilgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Muddati o‘tgan guvohnoma bilan avtomobil boshqarish esa jarimaga sabab bo‘ladi. Lekin guvohnomani vaqtida almashtirmaganlik uchun jarima yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, yangi guvohnoma olish uchun qayta imtihon topshirish shart emas. 2010-2012 yillarda berilgan guvohnomalar shu yil 30 iyungacha, 2013–2015 yillarda berilganlari 30 sentabrgacha, 2015 yildan keyin berilganlari esa 31 dekabrgacha yangisiga almashtirilishi kerak.

Xorazmdagi mudhish jinoyat va mudhish sudyalar

Hafta oxirida pedofiliyaga doir navbatdagi noxush xabar ko‘pchilikni seskantirib yubordi. Ma’lum bo‘lishicha, Xorazmda oilaviy mehribonlik uyi rahbari o‘z vasiyligidagi 3 nafar voyaga yetmagan qizni 10 oy davomida turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Mijozlar orasida hatto yuqori lavozimli davlat amaldorlari ham bo‘lgan.

“Sukut saqlama” loyihasi ma’lumotiga ko‘ra, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i avvaliga o‘z vakolatidan foydalanib, mehribonlik uyining muammolarini hal qilishda yordam bergan, keyin esa mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz topib berishni talab qilgan. Shunda mudira 17 yashar yetim qizni tanlagan va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib qo‘yib, tashqariga chiqishini taqiqlash orqali begona erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

Adliya boshqarmasi boshlig‘i keyinroq boshqa qizlarni ham berishni talab qilgan. Mudira esa 15 va 16 yoshli yana ikki qizni erkaklar bilan jinsiy aloqaga majburlagan. Ulardan biri bunga qarshilik qilganida, mudira oshxonadan o‘qlov olib kelib, bolalar ko‘z o‘ngida qizning ukasini kaltaklagan. Mansabdorning voyaga yetmagan qizlar bilan uchrashuvlari boshqarma xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan kvartirada bo‘lib o‘tgan.

Voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelganlar orasida Xorazmning Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i ham bo‘lgan. U ham avvaliga mehribonlik uyiga homiylik yordami sifatida mebellar va turli shirinliklar sovg‘a qilgan. Mudira esa unga yosh qizlar bilan yotishi uchun mehribonlik uyining o‘zidan joy qilib bergan.

Yana ham dahshatlisi shundaki, bu ikki amaldor pedofiliya jinoyatida aybdor deb topilgan bo‘lsa ham, ular qamoqdan qutulib qolgan. Sud hukmi bilan mudira 5 yilga qamalgan, lekin sobiq mansabdorlarga 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ya’ni ularga shunchaki soat 22:00dan 6:00gacha uydan chiqmasang bo‘ldi, degan majburiyat yuklangan xolos. Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudida ham hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyatchilar orasida boshqa amaldorlar ham bo‘lgani, ular suvdan quruq chiqqani aytilmoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonning davlat qarzi 29 mlrd dollardan oshdi. 2023 yilning 1 yanvar holatiga berilgan bu raqam – mamlakatimiz tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Davlat qarzi miqdori o‘tgan yili salkam 3 mlrd dollarga oshgan. Davlat qarzining 90 foizdan ortiq qismi xorijiy valutada jalb qilingan. Davlat tashqi qarzining 90 foizdan ortig‘i xorijiy valutada olingan.

Soliq organlari Toshkentdagi kompaniyalardan 28,5 mlrd so‘m pulni noqonuniy undirgani shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu – foyda solig‘idan to‘lanadigan avans bilan bog‘liq. Voqea sabab Soliq qo‘mitasining departament boshlig‘i ishdan olindi, yana 4 kishi jazoga tortildi. Ortiqcha undirilgan pullar bir kunda qaytarilgan bo‘lsa ham, holat ko‘plab tadbirkorlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Toshkentda 248 kishiga avtomashina va’da qilib, ularni 12 mlrd so‘mga chuv tushirgan firibgarlarga hukm chiqarildi. Ma’lum bo‘lishicha, ikkita kompaniya qisqa muddatda Cobalt, Nexia, Gentra, Malibu va Isuzu avtomobillarini yetkazib berishni va’da qilib, odamlarni 2 yildan beri aldab kelgan. Kompaniyalardan birining 29 yoshli rahbari 9,5 yilga, ikkinchi kompaniya rahbari 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. E’tiborlisi, jazoga tortilganlar orasida jabrlanuvchilar ham bor – ularning 5 nafari sud zalida janjal keltirib chiqargani uchun jarimaga tortildi.

Qamchiq dovoni orqali sig‘imi 15 kishigacha bo‘lgan mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqqa ham turistik avtobus va mikroavtobus qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi. Turizm mavzusidagi selektorda prezident, shuningdek, mahalliy aviareyslar sonini 2 baravar oshirib, 100 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi. O‘zbekistonning turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish uchun salkam 9 mln dollar ajratiladi.

Top