Nima bo‘lyapti?

Soliq kodeksiga asosan, yillik daromadi 5 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar har oy kutilayotgan foyda solig‘idan avans to‘lab borishi kerak. Bu tartib 2019 yilda joriy etilgan.

Kodeksning 340-moddasida avans miqdori qanday hisoblanishi ko‘rsatilgan (hisoblash tartibi choraklar bo‘yicha farq qiladi). Unga ko‘ra, 1-chorakdagi oylik avans miqdori avvalgi yilning 4-choragidagi oylik avans miqdoriga teng bo‘ladi.

27 mart, dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va buxgalterlarning ana shu avanslar bo‘yicha shikoyatlari tarqaldi.

Shikoyatlarda 1-chorakdagi uch oylik avans miqdori birdaniga yechib olingani, bunda yechilgan mablag‘ o‘tgan yilning 4-choragidagi avans miqdorida emas, 4-chorak hisobotlarida aks etgan foyda miqdoriga asosan hisoblab chiqarilgani, buning ustiga yillik daromadi 5 mlrd so‘mga yetmagan korxonalardan ham avans ushlab qolingani aytiladi.

“Soliq razvyorstkasi”

“Kainbek” Telegram-kanaliga murojaat yo‘llagan tadbirkor o‘zi duch kelgan vaziyatni quyidagicha tushuntirgan.

“Bir kichik kompaniya, aniqrog‘i agentlik rivojlanayotgan edi, (biz o‘ylagan va ishonganimizdek) kichik va o‘rta biznes davlat tomonidan himoya qilinadi degan balandparvoz gaplarga ishonib, ishlayotgan edi, ish o‘rinlari yaratayotgan edi, barcha soliqlarni to‘lab kelayotgan edi, o‘z vaqtida to‘layotgan edi! QQS to‘lovchisi sifatida soliq to‘lovchining koeffitsiyenti yashil zonada edi va zanjirdagi uzilish 0,0 ni tashkil etar edi.

Va bugun ertalab nimani ko‘ryapmiz? Daromad solig‘ini to‘lash uchun *** 000 000 so‘m miqdorida avans (dastlabki) to‘lovini to‘lashga da’vo! Dastlabki to‘lov nima, uyg‘oning, nima uchun? Agar o‘tgan yilning oxirida biz moliyaviy ko‘rsatkichlarimizni ozmi-ko‘pmi yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsak, bu bizda har oy shunday daromad bor degani emas.

Ishchilarning maoshi? Ijara? Bularni qanday to‘layman? Hattoki internet uchun hisobimda pulim yo‘q. Ogohlantirishlar yoki boshqa bildirishnomalarsiz, hatto uchetnyy kartada ham oldindan to‘lovlar haqidagi xabar bo‘lmagan.

Yangi yildan keyin uch oy o‘tgach, yil boshidan beri deyarli bir milliard hisoblangan! Siz u yerda aqldan ozganmisiz? Nega hech qachon bitta qonunni buzmagan, hamma narsani o‘z vaqtida to‘lagan tadbirkor endi sizning o‘zboshimchaliklaringizni qoplashi kerak?