Shahodat Murodova “Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni bo‘ldi.
Orzularga boy va mashaqqatli bolalik
Jizzax viloyatidanman. Oilada ikki qizmiz. Bolaligim orzularga to‘la bo‘lgan. Birinchi shifokor bo‘lishni, keyinroq esa telejurnalist bo‘lishni orzu qilganman. Adabiyot, she’riyatga muhabbatim baland edi.
Bolaligim biroz qiyin o‘tgan. Men hali ikki yosh paytim dadam avtohalokat tufayli vafot etgan. Singlim ham bu payti juda kichik edi. Bizni otamning ota-onasi – bobo-buvim katta qilishgan. Ular yoshi kattaroq bo‘lgani va hech qayerda ishlamaganliklari sababli oilamizda moddiy qiyinchiliklar ham bo‘lib turardi. O‘qishga borishim uchun yo‘lkira topilmay qolgan paytlar ham bo‘lgan. Biroq bobo-buvimning (Alloh rahmatiga olsin) o‘qishga muhabbat qo‘yishimizda hissalari juda katta bo‘lgan. Ular bizni o‘qishga rag‘batlantirishgan, tezroq turmushga berib yuborish haqida emas, avvalo, ilmli bo‘lib yo‘limizni topib olishimiz haqida o‘ylashgan.
O‘rta ta’limni tugatgach, Toshkentdagi Sharqshunoslik universitetining Xitoy tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirganman. Jurnalist bo‘lish orzum hali ham qat’iy edi, lekin abituriyent paytim “Jurnalist bo‘lish uchun aynan jurnalistikada o‘qish shartmas, xorijiy tillarni bilish, ilmli bo‘lish bilan yaxshi jurnalistga aylanish mumkin”, degan gapni eshitganman va ayni shu fakultetni tanlaganman. Shartnoma asosida o‘qiganim sababli darsdan keyin kontrakt pulimni ishlab topish uchun o‘quv markazlarida xitoy tilidan dars berardim.
“Xitoyga ketish imkonidan voz kechganman...”
O‘qishni bitirib Jizzaxga qaytib borganman, bu orada bo‘lajak turmush o‘rtog‘im Janubiy Koreyada magistraturani tugatib, ishga joylashib oila qurish uchun O‘zbekistonga qaytib kelgan. Facebook orqali meni ko‘rib, uyimizga sovchi jo‘natgan va uchrashuvda bir-birimizga ma’qul bo‘lganmiz. Biroq men Xitoyda o‘qish uchun Konfutsiy grantini yutib olgandim va o‘sha paytda o‘qishga ketish uchun hujjat ishlari bilan yurgandim, vizam ham tayyor bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘im esa “Xitoyga ketmang, Koreyaga olib ketaman, o‘sha yerda o‘qiysiz, sharoit qilib beraman”, degandi. O‘sha payt oldimda ikkita tanlov qolgan: Xitoyda o‘qish orzum edi, grantim bor, buni tanlaymi yoki oilali bo‘lib, Koreyada yangi hayot boshlashnimi deb ikkilanganman va oilani tanlab, to‘yga rozilik berdim.


















